12-oktabr kuni “Gazeta.uz” Jizzaxlik tadbirkor Qashqadaryodan o‘ziga tegishli bo‘lgan 60 tonna chigitni olib chiqishda taqiqqa uchraganligi to‘g‘risida xabar bergandi. Holat yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP partiyasi fraksiyasi a’zolari bo‘lgan To‘lqinjon Karimov hamda Batirbek To‘razodalar tomonidan Ichki ishlar vazirligi va Qashqadaryo viloyati hokimligiga deputatlik so‘rovlari yuborildi.

So‘rovda O‘zbekiston Konstitutsiyaning 67-moddasida Respublika hududida iqtisodiy makon birligi, тоvaрлар, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanishi aniq belgilangani, Konstitutsiyaning 15-moddasiga asosan O‘zbekistonda Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi so‘zsiz tan olinishi hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishi eslatib o‘tilgan.

Qayd etilishicha, shunga ko‘ra, Konstitutsiya va qonunlarga asoslanmasdan na ichki ishlar xodimlarining, na hokimiyat vakillarining tovarlarning erkin harakatlanishini cheklashga hech qanday vakolati yo‘q.

“Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi „Parlament nazorati“ to‘g‘risidagi qonuni 15-moddasiga muvofiq, mazkur masala yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berishingizni yoki nuqtai nazaringizni bayon etishingizni so‘rayman”, — deyiladi deputatlik so‘rovida.

Chigit ishi

Jizzax shahridagi paxta moyi, shrot va sheluxa ishlab chiqaruvchi “Paxtakor sifat yog” MCHJ shaklidagi qo‘shma korxona elektron birja savdolari orqali “Chiroqchi-klaster” va “Kitob ip yigiruv” AJ korxonalaridan jami 30 mlrd so‘m atrofidagi paxta chigiti sotib olgan.

“Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda zavod mas’uli Akmal Nuriyevning ta’kidlashicha, 9-oktabr kuni “Umakay” YPX maskanida 60 tonna chigit ortilgan yuk mashinasining belgilangan barcha hujjatlari — shartnoma, tovar-transport yuk xati, mahsulot sifat sertifikati (hujjat nusxalari tahririyatda mavjud) bo‘lishiga qaramay yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan hech qanday sabablarsiz to‘xtatib qolingan. Yuklar 5 kundan buyon asossiz ravishda ushlab turilmoqda, deydi tadbirkor.

Tadbirkor tahririyatga taqdim etgan videoda postda xizmat olib borayotgan, o‘zini Vahob Lutfullayev deb tanishtirgan YPX xodimi yuk mashinasi haydovchisini to‘xtatib, hujjatlarni tekshirmasdan orqaga qayrilib olishni buyurgan. Haydovchining aytishicha, qayrilishga imkoniyat bo‘lmagan va tirbandlik keltirib chiqarmaslik uchun 5 metrcha oldinga harakatlangan va yo‘l chetida to‘xtagan. YPX xodimi esa unga “qonuniy talablariga bo‘ysunmaganlik” ayblovini qo‘ygan.

“Mana havo yomonlashyapti, yomg‘ir boshlandi. Endi chigitning sorti buziladi, bu mahsulotimizga ta’sir qiladi, narxi tushib ketadi. Chigitni falon pulga sotib olib, zavodga olib kelgunimcha hamma narsasi buzilib, dabdala bo‘lsa, ertaga minusga kirib ketamanku?! Ishlab chiqarishim to‘xtab qolyapti, ishchilarga oylik berishim kerak. Zavod to‘xtab qolsa, oyliksiz qolishadi. Men ham tayyor mahsulotimni sotaman deb harakat qilyaman, bozorni ko‘rib turibiz, har kuni „o‘ynayapti“. Bu ish bilan 10 yildan ortiq shug‘ullanamiz. O‘tgan yili ham shu muammoaga uchragandik. Qashqadaryoda hali 30 mlrd so‘mlik 9,5 ming tonna yuklarimiz bor”, — dedi “Paxtakor sifat yog” MCHJ vakili Akmal Nuriyev.

“Gazeta.uz” holat yuzasidan Biznes ombudsman, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga so‘rov yubordi.

13-oktabr kuni Biznes ombudsman matbuot xizmati yuqoridagi holat ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.

Bu birinchi marta emas

2020-yilning noyabrida Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari hokimlarining og‘zaki ko‘rsatmasiga binoan postlardagi yo‘l patrul xizmati tomonidan paxta chigitini bir viloyatdan boshqa viloyatga olib o‘tishn taqiqlangandi. Antimonopoliya qo‘mitasining aralashuvidan so‘ng, taqiqlar olib tashlangan edi. Qo‘mita viloyat hokimliklari hamda ushbu viloyatlar Ichki ishlar boshqarmalariga nisbatan ish qo‘zg‘atgandi.

2022-yilning yanvarida esa samarqandlik tadbirkor ham 100 tonna chigit mahsulotini Qashqadaryodan olib chiqa olmagandi. Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi Gavhar Alimova Qashqadaryodan Samarqand viloyatiga chigitni olib o‘tishni guyoki taqiqlash to‘g‘risida og‘zaki ko‘rsatma bergani uchun Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ustidan shikoyat qilgandi.

Biznes-ombudsman holat yuzasidan viloyat hokimligini “tadbirkorlarning huquqlariga rioya etilishiga doir qonun hujjatlarining buzilishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda tegishli chora ko‘rish bo‘yicha ogohlantirgandi”. Hokimlik chigit to‘xtatib qolinganiga “texnik xatolik tufayli ta’minotchi korxona urug‘lik chigit berib yuborganligi”ni sabab qilib ko‘rsatgandi. Shundan so‘ng, samarqandlik tadbirkorning mahsuloti 10 kunda yetkazib berilishi ma’lum qilingandi.

Antimonopoliya qo‘mitasi holatni o‘rganib, Qashqadaryo hokimligi va viloyat IIB tomonidan “Raqobat to‘g‘risida” gi qonunning 12-moddasi talablari buzilganini bildirgan. Qo‘mita tadbirkor zarar ko‘rgan holatda viloyat hokimligi va IIB ustidan sudga murojaat qilishi mumkinligini eslatib o‘tgandi.