11-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sudlanuvchining advokatlaridan biri ularga bosim o‘tkazilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda “Daryo” xabar berdi.

Advokat Temur Rahmatovning so‘zlariga ko‘ra, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq rahbari, sudlanuvchi S.K. va uning advokatlariga tergov organi tergovchisi tomonidan bosim bo‘lmoqda.

“Yangilangan Konstitutsiyamizda advokatlarning kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo‘ladi va qonun bilan muhofaza qilinadi, deb belgilab qo‘yilgan. Hurmatli sud, men sizdan S.K.ning advokatlarini himoyaga olishingizni so‘rayman. Chunki kecha himoyam ostidagi sudlanuvchiga yangi ayblov qo‘yilgach, T.U. ismli tergovchi kirib, himoyam ostidagi shaxsga „Men sening advokatlaringning javobgarlik masalasini ko‘raman“, deb aytgan. Agar biz biror-bir nojo‘ya harakat qilganimizda, qanaqadir tadbir bo‘lsa, bizga aytmasdan qilardi. Lekin bu gapni aytishi himoyam ostidagi shaxsning bu gapni bizga aytishi va biz himoya pozitsiyamizni o‘zgartirish uchun aytildimi, bilmadim. Yoki qo‘rqitish masalasimi?” — deya sudga yuzlandi advokat.

Advokat tergov organi xodimining bu harakati birinchisi emasligini ma’lum qildi.

“O‘tgan safar ham gumon qilinuvchi chiqarilganida tergovchi kelib, “delo”ni taq etib tashlab, imzo kimniki, ha meniki, imzo kimniki, senikimi, deb so‘rab, menga yana ekspertiza so‘raysan, deydi. Men endi sudda ekspertiza ham so‘rashim mumkin emasmi? Men mana shu yerda (sud majlisi bo‘lib o‘tayotgan xonada — tahr.) narsalarimni qoldirishga qo‘rqaman. Mana bu yoqda niqobdagilar yuribdi. Biror narsa tashlab qo‘yishsa, biror nima bo‘lsa, kim javob beradi? Men bu gapni ataylab ommaviy axborot vositalarining oldida gapiryapman. Sud va appelyatsiya tugaguncha agar bizga — advokatlarga biror nima bo‘lsa, aynan shu pozitsiyamiz uchun bo‘lganini hisobga olishingizni so‘rayman”, — dedi advokat Temur Rahmatov.

“Advokatlaringning ikkitasiga syurpriz tayyorlab qo‘ydim. Sudning oxirida syurprizimni ko‘rsataman, dedi. Undan oldin ham advokatlaring nima qilyapti, kim bilan uchrashyapti, telefonda kim bilan gaplashyapti, hammasini ko‘rib, bilib o‘tiribmiz, kerakli paytda chorasini ko‘ramiz, deyishgandi. Buni qo‘rqitish deymizmi, bilmadim, shunday sha’ma qilish bo‘lgan”, — dedi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi sobiq rahbari, sudlanuvchi S.K.

Sud murojaatni inobatga olganini bildirarkan, “Sizning himoya pozitsiyangizga ta’sir qiladigan holatlar aniqlansa, bizga murojaat qilishingiz mumkin”, deya qo‘shimcha qildi.