Qashqadaryo viloyatida Chiroqchi va Shahrisabz tumanlarini bog‘lovchi daryodagi sel ko‘prikni buzib ketdi. Bu haqda tarmoqlarda tarqalgan videoga Chiroqchi tumani hokimligi munosabat bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, holat Qashqadaryo daryosi uzan ustidan o‘tgan ko‘prikning asos poydevorini sel suvlari yuvishi sababli yuzaga kelgan. Ko‘prik Shahrisabz tumani obodonlashtirish bo‘limi hisobidagi ichki xo‘jalik yo‘llarini bog‘laydi.

Mahalliy aholining Kun.uz`ga xabar berishicha, sel oqibatida yo‘lda transport harakati to‘xtab qolgan. Sel oqibatlari va ko‘rilgan zarar bo‘yicha hozircha ma’lumot yo‘q.

Ma’lumot uchun, O‘zgidromet 3−6-may kunlari kuchli yomg‘irlar yog‘ishi hisobiga to‘qqizta viloyatning tog‘oldi va tog‘li hududlarida, jumladan, Chiroqchida sel-suv toshqini hodisalari yuz berishi mumkinligi haqida ogohlantirish bergandi.