O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik (DXSH) loyihalari doirasida uchta temir yo‘l vokzalini rivojlantirish taklif qilinmoqda. Bu prezidentning 10-oktabrdagi temir yo‘l transporti sohasini isloh qilish bo‘yicha qarorida nazarda tutilgan, deb xabar berdi Adliya vazirligi “Gazeta.uz”ga.

Gap Toshkent, Samarqand va Qo‘qon vokzallari haqida bormoqda. Transport vazirligiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda stansiyalarni DXSH asosida rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Transport vazirligi hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan birgalikda “Navoiy-Uchquduq” temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish loyihalari samaradorligini ham o‘rganadi.

Bundan tashqari, “Toshkent-Angren” uchastkasida ikkinchi elektrlashtirilgan liniyani qurish, mavjud uchastkani modernizatsiya qilish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda joylashgan sanoat korxonalari yuklarini eksport qilishda logistika xizmatlari ko‘rsatish uchun terminal va Toshkent viloyati Ohangaron tumanida multimodal transport logistika markazini yaratish bo‘yicha loyihani o‘rganish topshirildi.

NKMK, OKMK, “O‘zmetkombinat”, “O‘zkimsanoat” va boshqa eksport qiluvchi korxonalar tomonidan temir yo‘l xizmatlaridan foydalanish darajasini oshirish uchun transport logistika kompaniyalari tashkil etiladi.

Agar ushbu vazirliklar loyihalarni samarali deb hisoblasa, hukumatga takliflar kiritishi kerak bo‘ladi.

Prezident, shuningdek, uch oy muddatda tegishli infratuzilmani yaratgan holda shahar ichida joylashgan stansilarni Toshkentdan tashqariga ko‘chirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqishni ham topshirdi.

Bo‘shaydigan yer uchastkalari onlayn auksionda sotiladi. Sotishdan tushgan mablag‘lar temir yo‘l tarmog‘i infratuzilmasini rivojlantirishga hamda respublika budjetiga teng ulushlarda yo‘naltiriladi.

2010-yil avgust oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan qiymati 85,4 million AQSh dollari bo‘lgan 114 kilometr uzunlikdagi “Toshkent-Angren” avtomobil yo‘lini elektrlashtirish ishlari yakunlangan. Loyiha Germaniyaning KfW banki va Kuvayt Iqtisodiy rivojlanish jamg‘armasi krediti (57,4 million dollar), “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining o‘z mablag‘lari (28 million dollar) hisobidan moliyalashtirilgan.

Avvalroq “Gazeta.uz” O‘zbekistonda 2024-yildan boshlab yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlar uchun chiptalar narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinishi haqida xabar bergandi. Tariflar bozor tamoyillari asosida belgilanadi.

Xuddi shu farmonda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati negizida infratuzilma, yuk vagonlari va logistika, yo‘lovchi tashish (tezyurar poyezdlar uchun alohida) hamda vokzal boshqaruvi bo‘yicha alohida korxonalar tashkil etish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston prezidenti sentabr oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda temir yo‘l sohasini isloh qilish va sohaga zamonaviy menejmentni joriy etish rejalarini ma’lum qilgandi.