10-oktabr kuni transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vakillari bilan uchrashuvda Yashil iqlim fondining “Elektromobillik dasturi”ni moliyalashtirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Yetti mamlakatda, jumladan, O‘zbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan mazkur dasturni moliyalashtirish bo‘yicha taklif etilayotgan mablag‘ 170 mln dollarni tashkil etadi. Uning 65 mln dollari grant va qolgan 105 mln dollari qarz bo‘ladi.

Ushbu dastur tijorat elektromobillarini ommalashtirishdagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratiladi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, elektrobuslar parkini va yordamchi infratuzilmani joylashtirish, jamoat transporti tizimini yaxshilash hamda uning barqarorligini ta’minlash uchun yo‘naltiriladi. Elektromobillarni rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutuvchi 4 ta yo‘nalishni ham o‘z ichiga oladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq OTB O‘zbekistondagi 26 ta elektr taqsimlash podstansiyasini raqamlashtirish uchun 200 million dollar, Fransiya taraqqiyot agentligi esa 70 million yevro ajratgandi.