10-oktabr kuni O‘zbekiston zilziladan jabr chekkan Afg‘onistonga qariyb 100 tonna insonparvarlik yordami yubordi, deya xabar berdi Transport vazirligi matbuot xizmati.

Insonparvarlik yordami O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev boshchiligida yetkazildi.

Yuborilgan yordam yuki tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari: un, bug‘doy, yog‘, makaron, go‘sht mahsulotlari, guruch, shakar, shuningdek, chodir va odeyallar, shuningdek, birlamchi tibbiy yordam uchun zaruriy barcha vositalar bor. Yordam yuki My Freighter aviakompaniyasining Boeing-747 yuk samolyotida Hirot shahriga yetkazib berildi.

Kun.uz nashrining yozishicha, O‘zbekiston delegatsiyasini Afg‘oniston hukumati tomonidan tuzilgan zilzila oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha komissiya raisi Mavlaviy Sharofiddin Muslim, rais o‘rinbosari Ahmadullo Muttaqiy hamda transport va fuqaro aviatsiyasi vaziri o‘rinbosari Abdulsattor Gurvol kutib oldi.

афғонистон, zilzila, insonparvarlik yordami, ўзбекистон

“O‘zbekiston — bizga har doim birinchilardan bo‘lib yordam qo‘lini cho‘zib kelgan birodar mamlakat. Men o‘zim bir necha bor mamlakatingizdan keladigan ko‘makni qabul qilib, jabr ko‘rgan xalqimiz o‘rtasida taqsimlashda ishtirok etganman. Biz Afg‘oniston islom amirligi hukumati va xalqi nomidan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va xalqiga chuqur minnatdorligimizni bildiramiz. Sizlar eng yaxshi qo‘shnimiz sifatida Alloh yuborgan og‘ir sinov kunlarida har doim yonimizda turasiz. Xalqimiz buni hech qachon esdan chiqarmaydi”, — deya ta’kidlagan Mavlaviy Sharofiddin.

Eslatib o‘tamiz, Afg‘onistonda 7-oktabr kuni ertalab 6,3 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan. Uning epitsentri mamlakatning to‘rtinchi yirik shahri va shu nomdagi viloyat markazi Hirotdan 40 km shimoli-g‘arbda joylashgan. Zilziladan keyin yana kichik kuchlanishli zilzilalar yuzaga kelib, bir necha qishloqlarni butunlay vayron qilgan. 2400 nafardan ortiq odam halok bo‘lgan, 2000 ga yaqin aholi jarohat olgan. O‘zbekiston avval ham mamlakatga hamdardlik bildirgan.