O‘zbekistonning Tel-Avivdagi elchixonasi Isroilda vaziyat yomonlashgani sababli mamlakatda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirdi. Shuningdek, elchixona fuqarolarning Isroildan O‘zbekistonga uchish uchun aviachipta olishlari mumkinligini ma’lum qildi.

“Hozirgi kunga qadar Isroildan O‘zbekistonga uchadigan aviareyslar bekor qilingani yo‘q. Ketish istagidagilar bemalol aviachipta olib, uchishlari mumkin. O‘zgarishlar to‘g‘risida xabar beriladi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, fuqarolardan Isroildagi O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan yaqinlari, do‘stlari yoki tanishlari yo‘qolgan, yaralangan bo‘lsa, konsullik bo‘limini o‘z vaqtida xabardor qilish so‘ralmoqda.

Favqulodda holatlarda va shoshilinch xabarlar uchun telefon raqam: +972 54 485 1397.

Uzbekistan Airways veb-saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Tel-Avivdan Toshkentga eng yaqin reyslar 10, 12 va 15-oktabr kunlariga rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 7-oktabr kuni Falastinning HAMAS guruhi Isroilga qarshi minglab raketalarni uchirdi. Kamida 40 kishi halok bo‘ldi, 700 dan ortiq kishi yaralandi, mamlakatda favqulodda holat e’lon qilindi. Isroil bosh vaziri bu voqeani urush deb atadi. Isroil aviatsiyasi G‘azo sektoriga zarba berishni boshladi.

Dushanba kuni ertalab Isroilda qurbonlar soni 700 dan oshdi, deb yozdi The Times of Israel. Isroil sog‘liqni saqlash vazirligi 2382 nafar qurbon borligi haqida xabar berdi.

G‘azo sektorida halok bo‘lganlar soni 413 kishini tashkil etdi, 2300 kishi jarohat oldi, deya xabar berdi Reuters Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib.