4-oktabr kuni Avstriyaning Diks shahri yaqinida bortida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi ham bo‘lgan o‘quv samolyoti halokatga uchradi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

O‘zbekistonning mamlakatdagi elchixonasi hodisadagi ikki fuqaro Sloveniyadagi Aviation Career Center aviamaktabining talabalari — 21 yoshli K.N. va A.X. bo‘lganini bildirdi. Hozirda ular Karintiya federal yeri klinikalarida davolanmoqda.

O‘zbekiston diplomatlari yigitlar bilan bog‘langan. Shifokorlarning xabar berishicha, ularga zarur yordam ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, elchixona Karintiya huquq-tartibot idoralari vakillari, tibbiyot muassasalari ma’muriyati va boshqa tegishli tashkilotlar bilan aloqa o‘rnatgan va vaziyatni nazoratga olgan, deyiladi xabarda.