Toshkent aeroportining aerodrom majmuasida samolyotlar to‘xtash joylari va yurish yo‘lini kapital ta’mirlash ishlari boshlandi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xususan, B1-B5 va 11-B17 samolyot turar joylarini, shuningdek, RD-B yurish yo‘lini kapital ta’mirlash ishlari boshlandi. Kapital ta’mirlash doirasida sun’iy qoplama mustahkamlanadi.

“Bu joyda oxirgi marta ta’mirlash ishlari 2000-yillarda amalga oshirilgan. Foydalanish muddati uzoq bo‘lgani sababli ta’mirlashni talab qiluvchi nuqsonli joylar shakllangan”, — deya izoh berildi kompaniyaning parvozlarga aerodromda texnik ta’minot ko‘rsatish bo‘limi tomonidan.

Ta’mirlanayotgan asfalt va beton aralashmasining umumiy maydoni 92 ming kvadrat metrni tashkil qiladi.

Uzbekistan Airports matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, jarayon parvozlarga ta’sir qilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Toshkent aeroportining ikkinchi uchish-qo‘nish yo‘lagi to‘liq rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilgandi.