Davlat aktivlarini boshqarish agentligi F.N.Rusanov nomidagi Toshkent botanika bog‘i poytaxt hokimligi huzuridagi Istirohat bog‘lari direksiyasiga o‘tkazilishini nazarda tutuvchi qaror loyihasidan chiqarilganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Fanlar akademiyasi mazkur qaror loyihasidan Botanika bog‘ini chiqarish bo‘yicha o‘z takliflarini project.gov.uz tizimi orqali 7-oktabr kuni taqdim etgan. Bu taklif asosida bog‘ qaror loyihasidan chiqarilgan.

Agentlikning ta’kidlashicha, davlat madaniyat va istirohat bog‘larining bino-inshootlarining mol-mulki va yer maydonlarining noqonuniy begonalashtirilish holatlari aniqlangan va bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Madaniyat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, 12 ta viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda respublika hududidagi barcha madaniyat va istirohat bog‘lari xatlovdan o‘tkazilgan.

Xatlov natijasida hududlardagi 262 ta bog‘ 153 ta tashkilot tasarrufida bo‘lib, ularning ayrimlari tashlandiq va qarovsiz holga kelib qolgani, ularni boshqarish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmayotgani aniqlandi va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan, deyiladi xabarda.

Loyihada bog‘larni xususiylashtirish yoki boshqacha tartibda begonalashtirish ko‘zda tutilmagan. Mazkur qaror loyihasi barcha vazirlik va idoralar, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda qayta ishlangan holda Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritiladi, deya ta’kidladi agentlik.

Avvalroq Toshkent shahri hokimligi ham holatga munosabat bildirgandi.

“Vaziyatni o‘rgangan va Botanika bog‘i mutaxassislari bilan suhbatlashgan holda shuni ma’lum qilamizki, Botanika bog‘i Toshkent shahri hokimligi balansiga o‘tkazilmagan va hokimlik mazkur qaror tashabbuskori emas. Hokimlik ushbu ilmiy dargohning mamlakat ekotizimini asrash, o‘simliklar genofondini saqlash va ko‘paytirishdagi ahamiyatini e’tirof etadi va uni istirohat bog‘iga aylantirishga yo‘l qo‘ymaydi”, — deyilgan bayonotda.

Hokimlikning ta’kidlashicha, “Botanika bog‘i istirohat bog‘i emas”.

“U nafaqat ko‘p navli o‘simliklarni, balki shu soha mutaxassislarini ham yetishtirishga yordam beradigan ilm-fan dargohidir. U nafaqat poytaxtning, balki butun mamlakatning durdonasidir”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Sreda.uz sayti muallifi, ekojurnalist Nataliya Shulepina Toshkent botanika bog‘ini hokimlik tasarrufiga o‘tkazish rejasi borligi haqida birinchi bo‘lib ma’lum qilgandi. Ekopartiya esa Botanika bog‘ini Toshkent hokimligi tasarrufiga o‘tkazmaslikka chaqirgan.

Fanlar akademiyasi esa Botanika bog‘ini Toshkent hokimligi tasarrufiga o‘tkazish to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini “nihoyatda salbiy ruhda qabul qilgan”. Tashkilot hujjatni ishlab chiquvchiga o‘z e’tirozlarini yuborgan va Botanika bog‘ini ro‘yxatdan chiqarib tashlashni talab qilgandi.