O‘zbekiston Fanlar akademiyasi F.N.Rusanov nomidagi Toshkent botanika bog‘ining ilmiy muassasa maqomidan mahrum etilishi, Fanlar akademiyasi tuzilmasidan chiqarilishi va Toshkent shahri hokimligi huzuridagi Istirohat bog‘lari direksiyasiga o‘tkazilishi mumkinligi haqidagi xabarga munosabat bildirdi.

Fanlar akademiyasi xabariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining “Istirohat bog‘lari faoliyati va boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida""gi qarori loyihasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan va project.gov.uz portaliga muhokama uchun joylashtirilgan, bu yerda me’yoriy-huquqiy hujjatlar vazirliklar va idoralar o‘rtasida muvofiqlashtiriladi (jamoatchilik uchun undan foydalanish imkoni yo‘q).

“Qaror loyihasi kelishuv uchun portalga joylashtirilganda Fanlar akademiyasi uni nihoyatda salbiy ruhda qabul qildi… Qaror loyihasi kelib tushgan kunning o‘zidayoq Fanlar akademiyasi qaror loyihasi yuzasidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligining mas’ul ijrochisi bilan bog‘landi va Botanika bog‘ini ro‘yxatdan chiqarib tashlash lozimligini ta’kidladi. Shundan so‘ng yuqori turuvchi organlar og‘zaki tarzda xabardor qilindi”, — deyiladi xabarda.

Fanlar akademiyasining mutahassislari tomonidan asosnoma tayyorlanib, belgilangan muddatdan chiqib ketmagan holda, Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasining 1-ilovasi 193-tartib raqam bilan kelgan “Botanika bog‘i”ni ro‘yxatdan chiqarib tashlash qat’iy talab qilindi.

Akademiya Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Fanlar akademiyasining e’tirozlarini inobatga olgan holda Botanika bog‘ini qaror loyihasidan chiqarib tashlashiga umid qilmoqda.

Bundan tashqari, prezidentning 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq vazirlikka Fanlar akademiyasi bilan birgalikda “Akademik F.Rusanov nomidagi Botanika bog‘i faoliyatini takomillashtirish, shu jumladan, ilmiy salohiyatini kuchaytirish, moddiy-texnik bazasini yaxshilash, hududlarda ularning tajribasini qo‘llash va filiallarini tashkil etish” bo‘yicha hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilgan va idoralararo kelishuvga joylashtirilgan.

“Mazkur qarorning qabul qilinishi Botanika bog‘ining imkoniyatlaridan keng foydalangan holda respublikada bioxilma-xillik sohasini ilmiy jihatdan o‘rganish tizimi takomillashtiriladi va Botanika bog‘ini boshqa vazirlik va idoralarga o‘tkazish imkoniyatini cheklaydi”, — deyiladi xabarda.

Fanlar akademiyasi, shuningdek, ushbu holatga munosabat bildirgan barcha OAV vakillari, blogerlar va fuqarolarga minnatdorchilik bildirdi.

Avvalroq Sreda.uz sayti muallifi, ekojurnalist Nataliya Shulepina Toshkent botanika bog‘ini hokimlik tasarrufiga o‘tkazish rejasi borligi haqida birinchi bo‘lib ma’lum qilgandi. Ekopartiya esa Botanika bog‘ini Toshkent hokimligi tasarrufiga o‘tkazmaslikka chaqirgan.