O‘zbekiston Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bloger Amirxon Shamsiddinovning Repost.uz jurnalisti Violetta Mustafinaga nisbatan tahdidlaridan xavotir bildirdi.

Avvalroq nashr o‘zining Instagram akkauntida Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida itni tepmoqchi bo‘lgan Shamsiddinov haqidagi video e’lon qilinganidan so‘ng Repost.uz xodimi tahdid va haqoratlarga uchragani haqida xabar bergandi. Bundan tashqari, erkak uning shaxsiy fotosuratlarini haqoratli so‘zlar bilan tarqatgan.

Fond bunday xatti-harakatlarni “mutlaqo qabul qilinishi mumkin bo‘lmagan” deb atadi va “zo‘ravonlik va hurmatsizlikning bunday ko‘rinishlari qat’iy qonuniy javobgarlikka tortilishi kerakligini” ta’kidladi.

“Fond O‘zbekistonda matbuot erkinligi va jurnalistlarning xavfsizligi kafolatlanishi kerakligini ta’kidlaydi. Mass-media fondi ushbu vaziyatni kuzatib boradi va jurnalistlarning so‘z erkinligi va xavfsizligini himoya qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarini davom ettiradi”, — deyiladi bayonotda.

Repost.uz xodimning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qilmoqchiligi haqida xabar bergan.

Fevral oyida Chirchiq shahrida yashovchi Amirxon Shamsiddinov Toshkentdagi Milavitsa ayollar ichki kiyimlari do‘konining tashqi vitrinasiga modellar surati tushirilgani va bunday suratlarni joylashtirishga “ruxsat bergan” tuman hokimligini tanqid qilgan edi.

Shundan so‘ng Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi blogerni Chirchiq IIBga taklif qilgani, o‘tkazilgan suhbatda u yuqorida keltirilgan do‘kondagi reklama bannerlariga nisbatan munosabatini “o‘zining diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda bildirganini” aytgani ma’lum qilingan.

Sud qarori bilan yigitga nisbatan nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184−2-moddasiga (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) asosan, bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.