Soliq qo‘mitasi Ridetech International B.V kompaniyasidan O‘zbekistonda soliq rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tish va belgilangan soliqlarni to‘lashni talab qildi.

Qayd etilishicha, 2023-yilning sentabr oyida Ridetech International B.V. kompaniyasiga ikki oy muddatda o‘z faoliyatini qonun hujjatlari asosida tashkil etish bo‘yicha quyidagi talablar qo‘yilgan:

  • Faoliyatni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tish va belgilangan soliqlarni to‘lash;
  • soliq organlari axborot tizimi bilan integratsiyalashuvni ta’minlash va mijozlarga avtomatik shakllantiriladigan fiskal chek taqdim etish.

2023-yil 1-dekabrga qadar yuqoridagi talablar bajarilmagan taqdirda, Soliq qo‘mitasi Raqamli texnologiyalar vazirligiga Yandex.Go kompaniyasining O‘zbekiston hududida agregator sifatida foydalanib kelinayotgan elektron platformadan foydalanishni bloklash bo‘yicha rasmiy murojaat qilishini ma’lum qildi.

Yandex Go O‘zbekistonda 2018-yilning aprel oyida ishga tushirilgan. Xizmat Toshkent, Farg‘ona, Marg‘ilon, Namangan, Andijon, Samarqand, Qo‘qon, Buxoro, Qarshi va Nukus shahrida faoliyat yuritadi.

Mart oyida sobiq Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev Yandex Go`ning soliqqa tortilishi hamda O‘zbekistondagi taksi bozori bilan bog‘liq vaziyatni sharhlab, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bozorda teng imkoniyatlar yaratuvchi takliflar ishlab chiqishini ma’lum qilgandi.

Mart oyi oxirida Ridetech International vakillari Toshkentda Soliq qo‘mitasi va Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasida uchrashuvlar o‘tkazgandi. Unda Yandex Go foydalanuvchilariga fiskal cheklar berish bo‘yicha ishlar rejasi belgilab olinib, 1-apreldan haydovchi va yo‘lovchilar sug‘urtalanishi e’lon qilingandi.

To‘ldirish

Yandex Go matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, kompaniya “mahalliylashtirish” mavzusida Soliq qo‘mitasi bilan muloqot olib bormoqda hamda “bozor amaliyoti va me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish” ustida birgalikda shug‘ullanmoqda.

“Safarlarga onlayn buyurtma berish xizmatlaridagi fiskal tushumlar bozor uchun yangilik va integratsiya nuqtai nazaridan ko‘p mehnat talab qiladigan jarayondir. Biz ushbu sohada SQ bilan hamkorlikni boshlagan mamlakatdagi birinchi platformamiz”, — dedi Yandex Go.