6 oktyarb kuni Kremlda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinga har doimgidek samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining bugungi holatini yuksak baholadi.

“Biz bunga uzoq vaqt va juda jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik, ko‘p marotaba telefon orqali suhbatlar o‘tkazdik. Ya’ni, ushbu tashrifga tayyorgarlik ko‘rish uchun juda jiddiy asos yaratilgan. Shuningdek, munosabatlarimiz mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini aytmoqchiman. Samarqandda biz har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik deklaratsiyasini imzoladik. Biz ittifoqchilarmiz va aslida keng qamrovli strategik sheriklik davom etmoqda: har tomonlama, barcha sohalarda taraqqiyot bor, real natija bor”, — dedi u (Kreml saytidan iqtibos, video).

владимир пuтин, россия, шавкат мирзиёев

Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

O‘zbekiston prezidenti yil oxirigacha Rossiya bilan tovar ayirboshlash hajmi 12 mlrd AQSh dollarini tashkil etishi kerakligini, agar o‘sish sur’ati 20 foizda saqlanib qolsa, ikki-uch yildan keyin kelishib olingan 20 mlrd dollarga erishilishini ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev tashrif oldidan hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning to‘rtinchi yig‘ilishi, tibbiyot forumi, rektorlar va hududlar forumlari o‘tkazilganini ham ta’kidladi.

“Kecha Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan mintaqaviy forum: Rossiya va O‘zbekistondan 3000 ga yaqin ishtirokchi. Birinchi marta bizdan hokimlar, ya’ni viloyat rahbarlari darajasida 14 ta viloyatning barchasi ishtirok etdi. Kecha esa hukumatlararo komissiya hamraislari [bosh vazir o‘rinbosarlari Jamshid Xo‘jayev va Denis Manturov] batafsil ma’lumot berishdi: bu juda jiddiy natija”, — dedi u.

“Men juda mamnunman, mintaqaviy sheriklarimizning hamkorlikka bo‘lgan shayligi juda jiddiy, u jiddiy istiqbolga ega. Biz siz bilan har doim: ularga aralashishning hojati yo‘q, faqat yordam berish kerak, natija jiddiy bo‘ladi, deymiz”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.

владимир пuтин, россия, шавкат мирзиёев

4-oktabr kuni Qozon shahrida o‘tgan uchinchi Hududlararo hamkorlik forumi yakunida 3,5 mlrd dollarlik bitim va shartnomalar imzolandi. Hududlar kesimida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yil bo‘yi o‘zaro tashriflar reja-jadvalini o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda Rossiyaning 15- OTM filiali — N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti filiali kelasi yildan ish boshlashini ta’kidladi.

Uchrashuv chog‘ida Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash masalalari ham batafsil ko‘rib chiqildi.

Bir kun avval Butunrossiya ko‘rgazma markazida O‘zbekistonning yangilangan paviloni ochildi.

Prezidentlar tadbirlarga boy va serqirra madaniy-gumanitar hamkorlikni yuqori baholadilar. Muhim madaniy voqealar: Moskvada “Lazgi” milliy baleti premerasi, O‘zbekiston madaniyati kunlari, mamlakatimizda esa “Rossiya fasllari” loyihasi doirasidagi tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

“Fursatdan foydalanib, gumanitar soha haqida ham aytishni xohlardim: Milliy baletimiz ilk marotaba Katta teatr sahnasida. Rossiyaning bunday vakillik rahbariyatini tashkil qilganingiz va unda ishtirok etganingiz uchun sizga minnatdorchilik bildiraman. Bilasizmi, bir hafta davomida shov-shuv ko‘targan bo‘lsak kerak: odamlar xursand bo‘lishdi, ko‘rishdi, chunki „Lazgi“ birinchi marta bu sahnaga chiqdi, bu bizning milliy g‘ururimiz. Va bu g‘urur rossiyalik tomoshabinlar buni juda jiddiy qabul qilganlarida ham namoyon etmoqda. Buning uchun juda minnatdorman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentlar 2024−2025-yillarga mo‘ljallangan Madaniy hamkorlik dasturini qabul qilishga kelishib oldilar.

Foto: kremlin.ruFoto: kremlin.ru

O‘zbekiston rahbari mamlakatlar o‘rtasida “hal etilmagan birorta ham masala yo‘q, biz barcha kelishuvlarimizni hal qilyapmiz”, dedi. “Barcha plyuslar va minuslar haqida aytishdi, biroq bizda hech qanday minuslar yo‘q — faqat [plyuslar]. Shuning uchun sizga yana bir bor minnatdorchilik bildiraman”, — dedi u.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatlar xalqaro maydonda, birinchi navbatda, BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti, MDH kabi platformalarda faol hamkorlik qilayotganini ta’kidladi.

“Tez orada biz sizni Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tadigan MDH sammitida yana ko‘ramiz. Boshqa, o‘ta nozik sohalarda ham o‘zaro aloqalarimiz bor, bu haqda tor tarkibda batafsil suhbatlashamiz”, — dedi RF rahbari.

Shavkat Mirziyoyev 5-oktabr kuni rasmiy tashrif bilan Rossiyaga keldi. Dastlab u Qozonga tashrif buyurdi. Bungacha O‘zbekiston Prezidenti Rossiya hukumati rahbari Mixail Mishustin bilan muzokaralar o‘tkazdi.