Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida 3 tup o‘sib turgan chinor kesilgani aniqlandi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Tumanning “Fayzobod” MFY hududida ushbu daraxtlar kesilishi oqibatida tabiatga 148 million 793 ming 500 so‘m zarar yetkazilgan. Holat yuzasidan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayni damda tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Shuningdek, 4-oktabr kuni Farg‘ona shahrida ham 1 tup ko‘p yillik chinor daraxti noma’lum shaxslar tomonidan o‘zboshimchalik bilan kesilgani aniqlangan.

Kesilgan daraxt qoldiqlari vaqtinchalik saqlash uchun shahar obodonlashtirish boshqarmasi omborxonasiga joylashtirilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan huquqbuzarlarni hamda o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash maqsadida o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda, deyiladi viloyat Ekologiya boshqarmasi xabarida.