4-oktabr kuni Qozon shahrida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlikning uchinchi forumi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.

Forum O‘zbekiston va Rossiya hududlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish maqsadida ikki davlat ishbilarmonlar doirasi vakillari ishtirokida o‘tkaziladi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston-Rossiya va Rossiya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashlarining qo‘shma yig‘ilishi, shuningdek, “Rossiya va O‘zbekiston: taraqqiyotning yangi imkoniyatlari” mavzusida ko‘rgazma bo‘lib o‘tadi.

Forum davomida transport-logistika, sanoat, turizm va yoshlar sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 5−7-oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan Rossiyada bo‘lishi xabar qilingandi. Moskvada u Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar olib boradi, shuningdek, Qozonga borib, respublika gubernatori Rustam Minnixanov bilan uchrashadi.