“Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasiga 2024-yil oxirigacha aholiga yetkazib berilgan elektr energiyasini hisobga olishning yangi billing tizimini joriy etish topshirildi.

Bu O‘zbekiston prezidentining 28-sentabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Elektr energiyasi ulgurji va chakana bozorlari mexanizmlariga bosqichma-bosqich o‘tish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan.

2023-yil oxiriga qadar yangi billing tizimiga texnik talablarni ishlab chiqish va tasdiqlash rejalashtirilgan. Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi Uzinfocom yagona integratori bilan billing tizimini rivojlantirish bo‘yicha shartnoma imzoladi. 2024-yilning fevraliga qadar Toshkent shahri iste’molchilarini unga test rejimiga o‘tkazish, kelasi yil oxirigacha to‘liq amalga oshirilishini ta’minlash rejalashtirilgan.

Yangi billing tizimini ishlab chiqish va joriy etish 2022−2023-yillarda rejalashtirilgan edi. “HET” o‘tgan yili bunga 13 million dollar sarflagan.

Eslatib o‘tamiz, hukumatning 2017-yil 14-sentabrdagi qarori bilan O‘zbekistonda 2020-yil oxirigacha kommunal xizmatlar uchun yagona hisob-kitob tizimini yaratish rejalashtirilgan edi.

2021-yilda ekspertlar yagona billing tizimini joriy etishdagi muammolarni muhokama qilishdi, biroq haligacha ishlab chiqilmagan.