AVO bank (sobiq “O‘zagroeksportbank”) o‘z ustav kapitalini qonun talablari darajasiga yetkazmadi, deya xabar qildi Markaziy bank matbuot xizmati.

“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, bank ustav kapitalining eng kam miqdori 2023-yil 1-sentabrdan e’tiboran 200 mlrd so‘mni tashkil etilishi kerakligi belgilangan. AVO bank aksiyadorlik jamiyatining ustav kapitali esa bugungi kun holatiga 105 mlrd so‘mni tashkil etgan holda bank ustav kapitali miqdori qonunchilik talablariga muvofiqlashtirilmagan.

“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq, Bank nazorati qo‘mitasi qaroriga asosan bankka nisbatan kreditlash va boshqa xarajatlarni moliyalashtirish hamda depozit operatsiyalarini amalga oshirish taqiqlandi”, — deyiladi Markaziy bank xabarida.

Iyun oyida Markaziy bank banklarni kapitallashuv talablari bajarilmasa, litsenziyalari bekor qilinishi haqida ogohlantirgan va ularga o‘zaro birlashishni tavsiya qilgandi.

O‘sha oyning o‘zida “O‘zagroeksportbank” ustav kapitalini 32 milliard so‘mdan 105 milliard so‘mga oshirgani va litsenziya bekor qilinmasligi uchun uni 1-sentabrgacha 200 milliard so‘mga oshirish niyatida ekanini ma’lum qilgandi.

“Gazeta.uz” avvalroq “O‘zagroeksportbank”ni xususiylashtirish qanday amalga oshirilgani haqida batafsil ma’lumot bergandi.