O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan 1−2-oktabr kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Tashrif dasturiga muvofiq, oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilishi hamda “EKSPO Doxa-2023” — “Yashil sahro, yanada yaxshi atrof-muhit” xalqaro ko‘rgazmasining ochilish marosimida ishtirok etish ko‘zda tutilgan.

Bo‘lajak muzokaralarda yetakchilar O‘zbekiston-Qatar hamkorligining holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qiladilar, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashadilar. Davlat tashrifi yakunida turli sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Avvalroq Qatarga investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov tashrif buyurib, Nebras Power, FITCO Detergent, Alaziziya Chemicals, Qatar National Cement, Power International, Hassad Food kabi kompaniyalar bilan uchrashdi. Ishbilarmonlar yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar. O‘zbekiston iqtisodiyotiga Qatarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari jalb etildi, deb xabar qildi ISSV matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy 5−6-iyun kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lgan edi. O‘zbekiston prezidenti tashrif buyurgan kuniyoq Qatar fuqarolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy qildi, tomonlar 15 ta hujjat imzoladi.