Toshkentdagi va O‘zbekistonning boshqa shaharlaridagi bir qator maktablarda tajriba tariqasida o‘quvchilar bilimini baholashning 5 ballik tizimi o‘rniga mezonga asoslangan — 100 ballik baholash tizimi joriy etildi.

Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi maktab o‘quvchilarining ota-onalari yangi tizim joriy etilishidan tashvishda ekanliklarini ma’lum qildi. Ular mazkur tizim maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallanmagan, uni joriy etish uchun esa yetarlicha tayyorgarlik ko‘rilmagan, deb hisoblamoqda.

Ota-onalar uchun ijtimoiy tarmoqda ochilgan guruhlardan biridagi suhbatda shunday deb yozishmoqda: “Men shuni tushundimki, pedagoglardan hech biri bu tizimni bilmaydi. Chorak oxiriga yetyapti, hech kimning parvoyiga kelmayapti. Butun chorak davomida bajarilgan uy vazifalari va sinf ishlari uchun faqat 10 ball berilyapti. Uyda bajarish uchun esa kam narsa berishmaydi. Biznikilar tungi birgacha dars qilib o‘tiradi, oxir-oqibat o‘qituvchi „sm“ („ko‘rildi“ — tahr.) deb yozib, imzo qo‘yadi”.

“Shunday ekan, bunchalik ko‘p uy vazifasi berish nimaga kerak? Bolalar uy vazifasini bajarishdan bosh torta boshlayapti. Nazorat ishi uchun 25 ball berilyapti hamda bu o‘qituvchining subyektiv bahosi va yondashuviga bog‘liq. Nazorat ishi o‘tkazilgan kuni bola o‘zini yomon his qilishi, kayfiyati yo‘q bo‘lishi, nazorat ishidan qo‘rqishi va yomon yozishi mumkin. Bu kabi holda, bunday nazorat ishi uning bilimi to‘g‘risida hech narsani ko‘rsatib bermaydi. Bu — baholar uchun kurash emas, balki adolat uchun kurash. Nima uchun bizning maktabimizda tajriba o‘tkazilyapti?” — deya savol bilan yuzlanadi ota-ona.

“Gazeta.uz” Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi direktori, loyiha muallifi Dilrabo Davidova bilan yangi tizimning mazmun-mohiyati, tajriba uchun maktablar qanday tamoyil asosida tanlab olingani va mazkur tajribadan ko‘zlangan pirovard maqsad nimadan iborat ekanligi haqida suhbatlashdi.

Mezonga asoslangan baholash tizimi o‘zi nima?

Amaldagi baholash tizimida, deydi Dilrabo Davidova, chorak yakuniga ko‘ra o‘quvchi qanday bilim va ko‘nikmalarni egallaganini baholash mumkin bo‘lgan aniq mezonlar mavjud emas.

An’anaviy baholash tizimi o‘quvchining darsga tayyorgarligini muntazam tekshirish va baho qo‘yish bilan tavsiflanadi. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, barcha o‘quvchilar bilimini baholash bitta o‘qituvchining shaxsiy munosabati va bilimidan kelib chiqib amalga oshiriladi, baholash jarayoni to‘liq inson omiliga bog‘liq, zamonaviy talablarga mos keladigan individual yondashuv va aniq baholash mezonlari mavjud emas.

Yangi tizim zamirida, deydi Dilrabo Davidova, 4K usuli — ijodiy fikrlash, tanqidiy fikrlash, muloqot va kooperatsiya (hamkorlik) yotadi. Tizim quyidagi tamoyillarga asoslangan:

  • Reproduktiv daraja (bilim). Reproduktiv darajadagi topshiriqlar mazmuni o‘quvchilarning, o‘quv materialini qayta ishlamagan holda esda saqlab qolish qobiliyatini aniqlab beruvchi qonunlar, xossalar, formulalar, tushunchalar va atamalarning mohiyatini o‘rganish, eslab qolish va idrok etishga mo‘ljallangan.
  • Produktiv daraja (qo‘llash). Topshiriqlar mazmuni mavzuni o‘zlashtirishda fanning qonun va qonuniyatlari, xossalari va formulalarini qo‘llash, berilgan topshiriqlarga mos usullarni tanlash, tahlil qilish, taqqoslash va qarama-qarshi qo‘yish, bir qancha qonun va qonuniyatlardan foydalanishdan iborat. Shu bilan birga, umumlashtirish va xulosa qilish talab etiladi.
  • Mulohaza yuritish. Intellektual darajadagi topshiriqlarning mazmuni o‘zlashtirilgan bilim, ko‘nikma va malakalarni notanish vaziyatlarda qo‘llashni, qonun va qonuniyatlardan foydalangan holda tahlil, sintez, taqqoslash, umumlashtirishni talab qiladi.

baholash, maktablar, mezonga asoslangan baholash

Yangi baholash tizimiga ko‘ra yig‘ilgan ballarning 5 ballik shkalaga o‘tkazilishi. Manba: Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi.

Yakkasaroy tumanidagi maktabning 10-sinf o‘quvchisi allaqachon oliy o‘quv yurtiga kirishga hozirlik ko‘rayotgani, ayni paytda yangi baholash tizimiga ko‘nikishi va tushunishi kerakligidan xavotirda.

Maktab o‘quvchilari chorak davomida 100 ball to‘plashga ulgurishi mumkinmi, degan savolga markaz direktori o‘quvchilar haftasiga kamida 2 soat o‘qitiladigan fanlardangina 100 ball to‘plashi kerakligini ta’kidladi. Haftasiga 1 soat ajratilgan fanlardan (masalan, tasviriy san’at, musiqa) olti oyda (ikki chorak davomida) 100 ball to‘plash talab etiladi.

baholash, maktablar, mezonga asoslangan baholash

Yangi baholash tizimiga ko‘ra 100 ball o‘qituvchi tomonidan formativ baholash (10 ball) va yig‘ma baholash (90 ball) asosida to‘planadi.

Yig‘ma baholash uchun topshiriqlar markazda tayyorlanadi va mamlakatdagi yangi tizim joriy etilgan barcha maktablarga tarqatiladi. Topshiriqlar testlar, loyihalar, laboratoriya ishlari va boshqalardan iborat.

100 balldan 10 ball o‘qituvchi tomonidan qo‘yiladi — bu, Dilrabo Davidovaning so‘zlariga ko‘ra, subyektiv baho. Bu darsga tayyorgarlik, uy vazifasini bajarish va dars vaqtidagi faollik uchun beriladi. O‘qituvchi bitta o‘quvchiga 3−4 ta shunday baho qo‘yishi va chorak yakunida ulardan o‘rtacha ball chiqarishi mumkin. Qolgan 90 ballni o‘quvchining o‘zi to‘playdi.

baholash, maktablar, mezonga asoslangan baholash

O‘qituvchi tomonidan qo‘yiladigan 10 ball o‘quvchining darsdagi ishtiroki (6 ball) va uyga vazifani bajarganlik (4 ball) uchun beriladi.

Markazning qayd etishicha, baholashning yangi tizimi o‘quvchiga bahoni nima uchun olgani, nimani tuzatish kerakligi, yuqori ball olmagan taqdirda, nimaga ko‘proq e’tibor qaratishi kerakligini ko‘rish imkonini beradi.

“Endi faqatgina nimanidir shunchaki bilish muhim emas. Fikrlash, bu bilimlarni amalda qo‘llash, tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish lozim”, — deya ta’kidlaydi markaz direktori.

Dilrabo Davidovaning qayd etishicha, loyihani ishlab chiqishda markaz ta’lim sohasidagi xalqaro tajribaga (Singapur, Finlyandiya va boshqa mamlakatlar) tayangan. U, shuningdek, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridagi maktablarda ham o‘quvchilar bilimini baholashning mazkur tizimiga allaqachon o‘tilganini qayd etdi.

“O‘zbekistonda bu tizimni o‘rganish va ishlab chiqish uchun 1,5 yil vaqt ketdi. 2021-yilda uni Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda, o‘tgan yili esa agentlik (ixtisoslashtirilgan maktablar agentligi — tahr.) tizimiga kiruvchi boshqa ixtisoslashtirilgan maktablarda joriy etdik”, — deydi u.

To‘plangan tajribadan kelib chiqib, joriy yilda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 500 ta umumta’lim maktabida baholashning mezonga asoslangan tizimini joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Toshkentda yig‘ilish o‘tkazilib, unda maktab direktorlari o‘z ta’lim muassasalarida shunday tizim joriy etilishini xohlaydilarmi yoki yo‘q — qaror qabul qilishdi.

“Gazeta.uz” yangi tizim joriy etilgan maktablarning o‘quvchilari va o‘quvchilarning ota-onalari bilan suhbat jarayonida ular talab qilinadigan ballar qanday yig‘ilishini tushunish uchun muhim bo‘lgan ba’zi atamalarni bilmasligi yoki tushunmasligini payqadi.

Markaz direktorining ta’kidlashicha, har bir maktabda Ixtisoslashtirilgan maktablar agentligi tizimidagi maktablardan biridan jalb etilgan, mezonga asoslangan baholash bo‘yicha tajribaga ega hamda yangi tizimga moslashishda o‘qituvchi va o‘quvchilarga ko‘maklashish vazifasi yuklatilgan metodist (to‘liq shtatdagi xodim) va trener mavjud.

baholash, maktablar, mezonga asoslangan baholash

Mezonga asoslangan baholash tizimini joriy etish bilan bog‘liq muammolar.

Ota-onalar, shuningdek, yangi baholar Kundalik platformasida qanday tartibda qo‘yilishidan xavotirda. Dilrabo Davidova bu masala allaqachon hal etilganini ma’lum qildi.

“Kundalik birinchi navbatda o‘ylagan narsamiz edi. Biz bu [platforma] bilan qanday ishlash ustida bosh qotirdik va ular (platformani ishlab chiqqan mutaxassislar — tahr.) bilan muhokama qildik. Ular bizdan texnik xususiyatlarni so‘rashdi, tizimda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi kerakligi, uni qanday qilib yaxshiroq moslashtirish haqida so‘rashdi va [platforma] allaqachon bizning barcha talablarimizga moslashtirildi. Shunday ekan, endi bu maktablarning barchasida Kundalik baholari mezonga asoslangan baholash tizimi bo‘yicha qo‘yiladi”, — deydi u.

Kundalik platformasida direktor yoki o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari tomonidan tanlanadigan “Standart” yoki “Mezonga asoslangan” funksiyasi paydo bo‘ldi. Bu funksiya yangi tizim tajribadan o‘tkazilayotgan maktablarning 5−11 sinflari uchun joriy qilingan. Bu hali boshlang‘ich sinflarda joriy etilmadi, deydi markaz direktori.

Yangi baholash tizimiga to‘liq o‘tish vaqt talab etadi. Qozog‘istonda, uning so‘zlariga ko‘ra, mezonga asoslangan baholash tizimiga to‘liq o‘tish uchun 10 yil kerak bo‘ldi.

“Qanday muammolar bo‘lishi mumkin, qanday to‘siqlar bo‘ladi, ijobiy va salbiy tomonlar, qayerda tizimni o‘zimizga moslashtirishimiz kerak — barini jarayonda kuzatamiz. Bu yil ana shunday jihatlarni o‘rganamiz. Kelgusi yil barcha [maktablar]ni ushbu baholash tizimiga qachondan, qaysi yildan boshlab o‘tkazishimiz mumkin bo‘lishi haqida gapirsa bo‘ladi”, — deya qayd etdi Dilrabo Davidova.