Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 5-sentabr kuni qabul qilingan.

Qonun bilan Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab bir toifa fuqarolarni boshqa toifa fuqarolardan ustunligini yoki nuqsonli ekanini targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda mamlakatda faqatgina diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikohlar soni va buning ortidan ko‘p xotinlik holatlari ortib bormoqda. Buning natijasida respublika bo‘yicha 2020-yilda 16 564 ta holatda tug‘ilgan chaqaloqlar yolg‘iz ona arizasi asosida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, 2022-yilda ushbu ko‘rsatkich 18 955 tani tashkil etgan.

Shu sabab qonun bilan nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek:

  • ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilganlik;
  • xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Bundan tashqari, jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sgan holda bo‘lganlik uchun ma’muriy javobgarlik chorasi kiritilmoqda.

Bunda, javobgarlikni istisno qiluvchi holat sifatida tibbiy ko‘rsatma asosida yoki mehnat va xizmat faoliyati bilan bog‘liq holatlarda yoxud yo‘l-transport harakatida xavfsizlikni ta’minlash uchun kiyiladigan maxsus bosh-kiyimda yoki sport va madaniy tadbirlar paytida ularning ishtirokchilari tomonidan, shuningdek, qonunchilikda ruxsat etilgan boshqa holatlarda yuzini to‘sgan holda bo‘lish holati belgilanmoqda.

Shu bilan birga, fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurganlik uchun belgilangan ma’muriy javobgarlik bekor qilinmoqda. “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonundan jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishni taqiqlovchi norma chiqarib tashlanganligi sababli, ushbu harakat uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilinadi.

“Mazkur yangi normalar fuqarolarimizning e’tiqod erkinligiga mutlaqo daxl qilmaydi. Aksincha har qanday ijtimoiy munosabatlar faqat va faqat Konstitutsiya hamda qonunlar asosida tartibga solinishinigina anglatadi”, — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.

Qonun senatorlar tomonidan qabul qilindi.

Avvalroq O‘zbekiston muftiysi Nuriddin Xoliqnazarov Islom dinida, xususan, kiyinishda haddidan oshish holatlarini tanqid qilgandi. “Bizning mazhabimiz ayollar ma’lum bir kiyimni kiyishiga buyurmagan, qora kiysin, yuzini berkitsin, degan narsa bizning mazhab ko‘rsatmasida yo‘q”, — degandi muftiy.