Senatning qirq beshinchi yalpi majlisi kun tartibidan o‘rin olgan “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

Qonunda pedagoglar o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun ularning huquqlari qat’iy belgilab qo‘yilmoqda. Xususan, pedagoglar kasbiy faoliyatni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini talab qilishi, qonunchilik hujjatlariga muvofiq ijodiy ta’til olishi, ta’lim tashkilotini boshqarishda, shuningdek, ta’lim tashkilotining faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishda ishtirok etishi, o‘z kasbiy faoliyatiga g‘ayriqonuniy ravishda aralashuvdan himoyalanish hamda ta’lim oluvchilar va ularning ota-onalari (qonuniy vakillari) tomonidan pedagogning kasbiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishini talab qilish huquqlarga ega bo‘ladi.

Shu bilan birga, qonunga pedagogning o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishi chog‘ida pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish, pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish, kuz-qish davrida va ishlanmaydigan bayram kunlarida ta’lim tashkilotida navbatchilikka jalb etish, pedagogning zimmasiga tovarlar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan lavozim maoshidan uning roziligisiz tovarlar va xizmatlar uchun mablag‘ ushlab qolish kabi taqiqlanadigan holatlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, qonunda pedagogik etika qoidalari, pedagoglarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ular attestatsiyadan o‘tishiva malaka toifalarini olishlari belgilanmoqda. Pedagogik etika qoidalari ta’lim tashkilotlari uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi.

Pedagogning mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha qoidalar mustahkamlanmoqda. Unga ko‘ra mehnatning alohida sharoitlarida, respublikaning olis hududlarida hamda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida ishlaydigan pedagogga ustamalar belgilash nazarda tutilmoqda, fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) uchun bazaviy lavozim maoshining 30 foizigacha, fan doktori (DSc) va professor ilmiy unvoniga ega shaxslar uchun bazaviy lavozim maoshining 60 foizigacha har oylik ustama to‘lanishi qonunda alohida ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Shuningdek, pedagoglarni ijtimoiy himoya qilish kafolatlari nazarda tutilmoqda. Xususan, pedagoglar uchun qisqartirilgan ish vaqti, davomiyligi ko‘pi bilan ellik olti kalendar kundan iborat bo‘lgan haq to‘lanadigan har yilgi asosiy uzaytirilgan mehnat ta’tili belgilanmoqda, ularga respublikaning olis hududlarida uy-joylarni ijaraga olganlik uchun har oylik kompensatsiya to‘lanishi belgilanmoqda.

Kasb egalarining farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga imtiyozli ro‘yxatga asosan qabul qilinishi, davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida davlat ta’lim tashkilotlarining pedagoglarini majburiy bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish belgilanmoqda.

“Mazkur qonun pedagog maqomini huquqiy jihatdan mustahkamlashi barobarida, ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga oid ishlarimizni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishiga ishonamiz. Buning uchun esa eng avvalo ularning Qonundan xabardorligi darajasini oshirish, nafaqat o‘qituvchi-pedagoglar o‘rtasida, balki butun jamiyatimizda mazkur Qonun targ‘ibotini kuchaytirish birinchi galdagi vazifa bo‘lishi kerak. O‘ylaymizki, Qonunning qabul qilinishi ular uchun bayram oldidan munosib tuhfa bo‘ladi”, — dedi .

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu qonun loyihasi birinchi bor 2020-yil noyabr oyida taqdim etilgandi, biroq 2023-yil 2-may kundagi majlisda unda keltirilgan quyidagi takliflar yangramagandi:

  • pedagoglarning pensiya yoshi besh yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olishi;
  • pedagog xodimning ta’lim sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun har oylik bazaviy lavozim maoshiga ustamalar to‘lash;
  • Oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan ammo ta’lim tashkilotlarida kamida besh yil ish stajiga ega pedagog xodimni — kirish test sinovlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida va qabul parametrlaridan tashqari OTMning pedagogika yo‘nalishiga [sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim shakli] suhbat asosida o‘qishga qabul qilish.

2-may kungi majlisda ayrim deputatlar ushbu qonun loyihasini yana ham takomillashtirish kerakligini qayd etgandi va ikkinchi o‘qishgacha loyihani takomillashtirish vazifasi qo‘yilgandi. 1-avgust kunidagi majlisda qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilingan.