2022-yilda O‘zbekistonda 131 ta tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjkmanda aytib o‘tildi.

Ushbu hodisalar oqibatida 287 nafar inson halok bo‘lgan, 297 nafari jabrlangan.

Sodir bo‘lgan 55 ta tabiiy xususiyatdagi falokatda 127 nafar fuqaro halok bo‘lgan. 88 nafar fuqaro jarohat olgan. Texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning asosiy qismini yong‘inlar tashkil etgan. Ular 10 ming 260 tani tashkil etib, 7 ming 587 tasi (umumiy yong‘inlarning 73,9 foizi) aholi yashash sektoriga to‘g‘ri keladi.

Yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar 107 nafar, jarohat olganlar 177 nafarga teng. Yong‘inlar kamayib borish tendensiyasiga ega bo‘lsa-da, moddiy zarar miqdori ortib borgan, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil aprel oyida Jizzaxda sel va suv toshqinlaridan ko‘plab aholi aziyat chekdi. Xususan, 5 kishi, shu jumladan, ikki nafar yosh bola halok bo‘ldi. Bundan tashqari, 260 ta xo‘jalik talafot ko‘rdi, 6 ta maktab, 2 ta MTMga suv kirdi, 6 kishi qutqarildi.

May oyida Surxondaryoning tog‘li hududlarida boshlangan sel oqimlari uch fuqaroni oqizib ketdi. oktabrda Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida “Maxam Chirchiq” zavodida portlash yuz berdi. Fevral oyida Andijondagi tibbiy markazda portlash yuz berib, voqea oqibatida 1 kishi halok bo‘ldi, 11 kishi jarohatlandi.