Qozog‘iston Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan G‘arb davlatlarining ushbu RFga nisbatan joriy etgan sanksiyalariga amal qiladi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 28-sentabr kuni Berlinda Germaniya kansleri Olaf Sholy bilan muzokaradan so‘ng ma’lum qildi.

“Qozog‘iston [Rossiyaga nisbatan] sanksiya rejimiga amal qilishini aniq aytdi. Uning bajarilishi yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan aloqalarimiz bor va menimcha, nemis tomonida sanksiyalar rejimini chetlab o‘tishga qaratilgan ehtimoliy harakatlar yuzasidan xavotir bo‘lmasligi kerak”, — deya ta’kidladi Qozog‘iston rahbari.

Toqayev, shuningdek, Qozog‘iston Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi “harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish” va “BMT Nizomi asosida tinchlik muzokaralari tarafdori” ekanini bildirdi.

“Bugun men muhtaram janob kanslerga vaziyat juda jiddiy ekanini aytdim. Ukraina ham, Rossiya tomoni ham muzokaralarga tayyor ekanligini da’vo qilmoqda, biroq muzokaralar platformasi hali aniq emas”, — dedi u.

Toqayevning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bilan uzoq chegaraga ega Qozog‘iston RF uning hududiy yaxlitligiga tahdid solishidan qo‘rqmaydi.

“[Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi] chegara bir vaqtlar delimitatsiya qilingan va salmoqli darajada demarkatsiya qilingan, ikki davlat parlamentlari tomonidan tasdiqlangan va ratifikatsiya qilingan, shuning uchun biz Rossiya tomonidan hududiy da’volardan xavotirda emasmiz. Biz ikki tomonlama asosda muntazam, do‘stona aloqalarni davom ettiramiz”, — dedi u.

Qozog‘iston prezidenti o‘z mamlakati G‘arb sanksiyalariga amal qilayotganini birinchi marta aytayotgani yo‘q. Iyun oyida Toqayev ommaviy axborot vositalarida Qozog‘iston orqali RFga ikki maqsadli mahsulotlar eksport qilinishi haqidagi xabarlar “mutlaqo yolg‘on” ekanini aytgandi. Bungacha Qozog‘iston Moliya vazirligi Rossiya bozoriga elektron butlovchi qismlar importining “oraliq manzili” deb atalgan yuqori darajadagi surishtiruv natijalari e’lon qilinganidan keyin Rossiyaga mahsulotlar eksporti ustidan nazoratni kuchaytirishga va’da bergan edi.

Yevropa Ittifoqi bir necha oylardan beri Rossiyani o‘ziga qarshi o‘rnatilgan savdo cheklovlarini chetlab o‘tish imkoniyatidan mahrum qilishga urinib kelmoqda. Yozda Yevropa Ittifoqi sanksiya ostidagi tovarlarning RFga kirishiga xissa qo‘shayotgan uchinchi davlatlarga nisbatan sanksiyalar joriy etish imkonini beruvchi mexanizmni tasdiqladi.