Davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘cha tashkil qilish uchun ajratilgan kreditlarning imtiyozli muddati uzaytirildi. Bu haqda 27-sentabr kuni prezident qarori [PQ-316-sonli] qabul qilindi, deya xabar berdi Adliya vazirligi.
Hujjatga ko‘ra, 2018−2022-yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog‘chalar ochish bo‘ych bitimga muvofiq, tadbirkorlar o‘z xohishiga ko‘ra ajratilgan imtiyozli kreditlar bo‘yicha imtiyozli davr muddati 2024-yil 1-oktabrgacha uzaytirishi mumkin.
Bunda:
- imtiyozli davr davomida tadbirkorlar tomonidan kredit bo‘yicha faqat foiz to‘lovlari amalga oshiriladi;
- imtiyozli davrda to‘lanishi lozim bo‘lgan asosiy qarz bo‘yicha to‘lovlar kredit davrining qolgan qismiga teng miqdorda taqsimlanadi.
Davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar loyiha tashabbuskorlariga quyidagi tabaqalashtirilgan foiz stavkalarida va shartlarda ajratiladi:
- Toshkent shahrida — 10 yil muddatga, shu jumladan, 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 12 foiz stavka bo‘yicha;
- Nukus shahri, viloyatlar markazlari va viloyatga bo‘ysunuvchi shaharlarda — 10 yil muddatga, shu jumladan, 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 8 foiz stavka bo‘yicha;
- tumanlarda — 10 yil muddatga, shu jumladan, 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 5 foiz stavka bo‘yicha.