28-sentabr kuni tunda Toshkent shahri Sergeli tumanidagi “Quruvchilar” dahasida “Inter Logistics” MCHJga qarashli omborxonada kuchli portlash sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda FVV.

Soat 02:43 da yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida FVBga xabar tushgan.

Shunga ko‘ra, 16 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji va 3 ta avtonarvon soat 02:48 da hodisa ro‘y bergan hududga yetib borgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolarda kuchli portlash ovozini eshitish mumkin. Yaqin atrofdagi xonadonlarga zarar yetgan. Savdo va boshqa markazlar jiddiy zarar ko‘rgan. Xonadonlarga tez yordam mashinalari yetib borgan.

FVV hodisa “Samolyot qulashi oqibatida sodir bo‘lgan” mazmunidagi xabarlarni rad etdi.

Sog‘liqni saqlash vazirlining ma’lum qilishicha, portlash oqibatida jarohatlanganlar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning Toshkent viloyati filialiga olib kelingan.

Hozirga qadar ular orasida o‘ta og‘ir tan jarohati olganlar yo‘q. Ayni paytda shifokorlar tomonidan jabrlanganlarga barcha kerakli tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, deyiladi xabarda.

Davolash muassasalarida tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifokorlar va barcha zarur dori-darmon zaxirasi yaratilgani ta’kidlandi.

Yong‘in oqibatida voqea joyi va uning atrofidagi xonadonlarda jarohatlanganlarga ham shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, deyiladi vazirlik bayonotida.

Sergeli tumani Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, portlash sabablari hozircha aniqlanmagan. Yong‘in hali ham o‘chirib bo‘lingani yo‘q.

Jabrlanganlar va shikast yetgan transport vositalari soni aniqlanmoqda.

FVV bergan yangi ma’lumotga ko‘ra, xodimlar tomonidan yong‘inni o‘chirish ishlari davom etmoqda. Vaziyat to‘liq nazoratga olingan. Yong‘in soat 05:02 da qurshab olingan.

Yong‘in maydoni qisqartirilib borilmoqda. Voqea joyida dastlabki daqiqalardan boshlab FVV rahbariyati hamda kuch va vositalari, shuningdek, tegishli tashkilotlar xodimlari ish olib bormoqda. Yong‘in kelib chiqish sababini aniqlash maqsadida FVVning maxsus laboratoriyasi hodisa joyida ish olib bormoqda. Voqea joyida FVV rahbarligida shtab tashkil etilgan, deyiladi xabarda.

Toshkentdagi portlash poytaxt aeroporti faoliyatiga ta’sir qilmadi, deb xabar berdi Uzbekistan Airports.

Voqea poytaxt aeroporti faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmagan, “Toshkent” xalqaro aeroporti cheklovlarsiz odatiy rejimda ishlamoqda.

Foto