Toshkent shahri Sergeli tumani “Quruvchilar” dahasida joylashgan omborxonada sodir bo‘lgan portlash yuzasidan Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan Hukumat komissiyasi tuzildi. Bu haqda bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov xabar berdi.

Komissiya favqulodda hodisani o‘rganish, ko‘rilgan talafotlarni bartaraf etish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Komissiyaga bosh vazir o‘rinbosari Achilboy Ramatov boshchilik qiladi. Komissiya tomonidan hududda olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot berilib boriladi.

Portlash oqibatida 163 kishi jarohatlangan. Ularning 24 nafari shifoxonaga yotqizilgan, ahvoli o‘rtacha og‘ir deb baholanmoqda. Shuningdek, bir kishi — 16 yoshli bola vafot etgan.