O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi Turkiyadagi O‘zbekiston fuqarolari, xususan, ayollarni tungi kafelarda konsomatris bo‘lib ishlamaslikka chaqirdi.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda vatandosh xotin-qizlarni Istanbul, Antaliya, Izmir, Bodrum va boshqa shaharlarga katta mablag‘ evaziga “konsomatris” (Kons) ishlariga taklif etib reklamalar tarqatilayotgani kuzatilmoqda. Bunda pavilon (tungi kafe) xodimlari yosh qizlarni kelgan mijozlariga o‘z narxidan oshirilgan narxlarda ichimlik va oziq-ovqat oldirish uchun yollamoqda.

Konsullikning ta’kidlashicha, mazkur faoliyat turi bilan shug‘ullanganlarga mahalliy politsiya tomonidan Turkiyadan chiqarib yuborilish chorasi ko‘rilmoqda.

“Bu Konsomatris faoliyati bizning urf-odatimiz, milliy an’analarimiz va muqaddas dinimizga to‘g‘ri kelmasligi hammamizga ma’lum. Turkiya hududida huquqbuzarliklar ishtirokchisi bo‘lib qolishingiz, jabr ko‘rishingiz yoki aybdor bo‘lib qolishingizning oldini olish maqsadida, siz yashab turgan davlatning qonun talablariga rioya qilishingizni, o‘zingiz va yaqinlaringiz hayoti va sog‘ligiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan joylar va shaxslardan yiroq bo‘lishingizni tavsiya qilamiz”, — deyiladi konsullik xabarida.

Shu kabi reklama tarqatayotganlar va konsomatrislikka jalb qilayotgan shaxslar haqida ma’lumot bo‘lsa konsulxonaga (Tel.: 02123232037) xabar berish so‘ralgan.