Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov OAVda Kampirobod (Andijon) suv omboridan Farg‘onaga suv quvuri yotqizilishi rejalashtirilayotgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.

“O‘zbekistonga oqib o‘tayotgan suvni O‘zbekiston tomoni qanday qilib olishining bizga farqi yo‘q. Bu quvur liniyasi, ariq yoki havo orqali bo‘ladimi, muhim emas. Asosiysi, har bir harakat tomonlar o‘rtasida kelishib olinadi”, — dedi u “Kabar” agentligiga bergan intervyusida.

“Qirg‘iziston tomoni Kampirobod suv ombori suvining atigi 10 foizidan foydalanadi. Qolgan suv O‘zbekistonga 100 yildan beri oqib keladi. Yana 100 yil o‘tadi”, — dedi Qirg‘iziston rahbari.

Japarov o‘z izohida, shuningdek, “Azattыk” radiosi (“Ozodlik” radiosining qirg‘iz xizmati) tomonidan e’lon qilingan “Kampirobod avval Qirg‘izistonga tegishli bo‘lgan”, degan videoni ham tanqid qildi.

“Kampirobod suv ombori har doim O‘zbekiston nazoratida bo‘lgan va ular uni 100 foiz boshqargan. O‘tgan yili chegara masalalarini hal qilar ekanmiz, suv ombori bilan bog‘liq masalalarni ham hal qilgan edik. Kelishuvga ko‘ra, bundan buyon suv omborini boshqarish 50/50 asosida amalga oshiriladi”, — dedi va “Azattыk” materialini “odamlarni chalg‘itishga urinish” deb atadi.

Keyinroq “Azattыk” ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaridan videoni “tahririyat tahlili uchun” olib tashlagani va saytdagi yangiliklarga tahrir qilingani haqida xabar berdi.

“Nega biz teng boshqaruvga rozi bo‘ldik? Bu biz uchun katta yutuq. Birinchidan, biz suv darajasini 900-gorizontdan yuqoriga ko‘tarilmasligi uchun nazorat qilamiz. Yerlarimiz suv ostida qolmasligi kerak. Ikkinchidan, to‘g‘on tagida joylashgan qishloqlarimiz uchun sug‘orish vaqtida suv omboridan suv olishimiz kerak”, — deya tushuntirdi Qirg‘iziston prezidenti.

Avvalroq Farg‘ona viloyati hokimligi Xitoyning Sinomash kompaniyasi bilan Kampirobod suv omboridan Farg‘onagacha suv quvurini qurishda ishtirok etish bo‘yicha kelishib olgani haqida ma’lum bo‘lgan edi. Shahar va suv ombori orasidagi masofa 120 km dan ortiq.

2022-yil oxirida O‘zbekiston va Qirg‘iziston Davlat chegarasi uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomani va Kampirobod (Andijon) suv omborini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qildi. Hujjatlar doirasida suv omborining 4957 gektar hududi hamda to‘g‘onni saqlash va qo‘riqlash uchun qo‘shimcha 19,5 gektar maydon O‘zbekistonga, 1019 gektar yaylov esa Qirg‘izistonga kompensatsiya sifatida o‘tkazildi.