Toshkentda 27-sentabr kuni “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda qamoqqa olingan ayblanuvchi ko‘rsatmasini marhum 65 nafar bolalarning yaqinlariga ta’ziya izhor etish bilan boshladi. Bu haqda “Daryo” xabar qildi.

Sudda so‘z olgan J.E. olti yillik ish faoliyati davomida halol ishlaganiga urg‘u berib, sudda unga qo‘yilayotgan ayblovlardan biri Jinoyat kodeksining 212-moddasi (pora olish-berishda vositachilik qilish)ga to‘liq iqrorligini bildirdi. Va bundan chin ko‘ngildan pushaymon ekanini aytdi. Shuningdek, bu haqda tergov organiga chaqirilgan paytda o‘zi bor gapni aytib berganini qo‘shimcha qildi.

Sudlanuvchi dastlabki sud majlislarida tilga olingan 33 ming dollar pora voqeasiga qo‘shimcha kiritib, bu pulning oldi-berdisida vositachi bo‘lganini ta’kidladi.

“Holat 2022-yilning iyun oylari boshida sodir bo‘lgan. O‘sha kunlarda menga institutda birga o‘qigan kursdoshim telefon qilib, rahbari R.S.P. men bilan uchrashmoqchi ekanini, rozi bo‘lsam, telefon nomerimni bermoqchiligini aytdi. Xo‘p dedim, ko‘p o‘tmay uning rahbari telefon qildi. Ko‘chadagi kafelarning birida ko‘rishishni taklif qildi. U bilan ko‘rishdik. Faoliyati haqida gapirib, „Kuraraks“ dori vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha murojaat qilganini, ammo bu dori inspeksion tekshiruvga tushganini aytdi. Va inspeksion tekshiruvdan o‘tkazmasdan, dorini ro‘yxatdan o‘tkazishning qonuniy imkoni bor-yo‘qligini so‘radi. Men bu ish vakolatimda yo‘qligini aytdim. U esa shu ishga vakolati yetadigan rahbaringdan so‘ra, dedi”.

“Shundan so‘ng bu haqda rahbarim Sh. Sh.ga aytdim va hindistonlik ishlab chiqaruvchi aytganidek, qonuniy imkoni bor-yo‘qligini so‘radim. Rahbarim javob bermadi. Lekin oradan bir-ikki kun o‘tib, rahbarim bilan ko‘rishganimda u menga so‘ragan masalani hal qilish imkoni borligini, buning uchun hindistonlik 45 ming dollar berishi kerakligini aytdi. Shundan so‘ng men bu haqda R.S.R.ga aytdim. U bu haqda rahbarlarimga aytib, o‘ylab ko‘raman, dedi. Keyinchalik bu pullar ko‘p, kamaytirish imkoni bormi, deb so‘radi. Rahbarim 40 ming bo‘ladi, dedi. Hindistonlik esa 33 ming dollar bera olamiz, dedi. Rahbarim xo‘p dedi”, — dedi sudlanuvchi.

Sudlanuvchining qo‘shimcha qilishicha, u hindistonlik ishlab chiqaruvchi bilan 2022-yilning 30-iyun kuni kechki payt ko‘rishib, oq qog‘ozda o‘ralgan va paketga solingan pulni olib qolib, bir soatdan so‘ng rahbariga berib yuborgan.

“Men bu puldan hech qanday manfaat ko‘rmaganman. Shu sabab oq qog‘ozga o‘ralgan pulni ochib ham ko‘rmadim. Faqat bir soat qo‘limda ushlab turdim va rahbarim kelgach, berib yubordim”, — dedi.

Sudda so‘roq qilingan Quramax Medical MCHJ direktori hindistonlik S.R.P. advokatlarning savoliga javob berar ekan, Marion Biotech PVT. Ltd korxonasida inspeksion tekshiruv o‘tkazilishini to‘xtatish uchun J.E. ismli mas’ulga 33 ming dollar berganini tan olgandi. Keyinchalik u bu ko‘rsatmasini o‘zgartirgan.

Sudning 15-sentabrdagi majlisida so‘roq qilingan “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i Sh. Sh. unga berilgani aytilgan 33 ming dollar pulni olganini rad etgan.

“Gazeta.uz” Marion Biotech antibakterial preparatlari “Kuraraks 200”, “Kuraraks 400” va “Kuraraks Orni” 2022-yil 25-may (markaz ilmiy kengashi yig‘ilishidan bir kun oldin) va 19-iyulda ro‘yxatdan o‘tganini aniqlagan edi.

Avvalroq “Gazeta.uz” O‘zbekiston rasmiylarini halok bo‘lgan 65 nafar bola uchun motam e’lon qilishga chaqirgandi.