Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish yadroviy tahdid darajasi ortib borayotganidan xavotir bildirdi va jahon hamjamiyatini yadroviy qurolsizlanishga chaqirdi. Uning 26-sentabrda nishonlanadigan Xalqaro yadro qurolini butunlay yo‘q qilish kuni munosabati bilan qilgan bayonoti BMT saytida e’lon qilingan.

“Geosiyosiy ishonchsizlik va raqobat tufayli yadroviy xavf sovuq urushdan beri kuzatilmagan darajaga ko‘tarildi. Ayni paytda yadro qurolini qo‘llash, tarqatish va sinovdan o‘tkazishning oldini olish borasida o‘nlab yillar davomida katta qiyinchilik bilan erishilgan yutuqlar barbod bo‘lmoqda”, — dedi BMT rahbari.

U yadroviy qurolsizlanish va uni tarqatmaslik rejimini kuchaytirishga chaqirdi. “Bu Yadroviy sinovlarni to‘liq ta’qiqlash to‘g‘risidagi shartnomani hali ratifikatsiya qilmagan barcha davlatlar buni kechiktirmasdan amalga oshirishi, yadroviy qurolga ega davlatlar esa barcha yadroviy sinovlarga moratoriy joriy etilishini ta’minlashi kerakligini anglatadi”, — deya ta’kidladi Guterrish.

BMT rahbarining so‘zlariga ko‘ra, davlatlar “muloqotni yumshatish va yadroviy tahdidni tugatish uchun muloqot, diplomatiya va muzokaralarning eskirmaydigan vositalaridan” foydalanishi kerak.

“Yadroviy xavfni bartaraf etishning yagona yo‘li yadroviy qurolni yo‘q qilishdir”, deb qo‘shimcha qildi Guterrish.

BMT bosh kotibi yadroviy qurolsizlanishga birinchi marta chaqirayotgani yo‘q. U avvalroq yadro qurolini yo‘q qilish BMTning qurolsizlanishdagi “birinchi ustuvor yo‘nalishi” ekanini ma’lum qilgan, shuningdek, “yadroviy shantaj davri”ni o‘tmishda qoldirish kerakligini ta’kidlagan edi.

Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti (SIPRI) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda yadro qurolidan foydalanish xavfi sovuq urush davridan beri eng yuqori darajaga yetgan. Mutaxassislarning fikricha, barcha to‘qqiz yadroviy davlat (AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Isroil va Shimoliy Koreya) yadro arsenallarini modernizatsiya qilmoqda va yaqin o‘n yil ichida jangovar kallaklar sonini ko‘paytirish niyatida.