Xiamen King Long United Automotive Industry kompaniyasi “Toshshahartransxizmat” kompaniyasiga uzunligi 18 metr bo‘lgan ilk elektrobusni topshirdi. Bu haqda dushanba kuni Transport vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

“Tez kunlarda ushbu zamonaviy, qulay va ekologik toza elektrobus poytaxt aholisiga xizmat ko‘rsata boshlaydi”, — deyiladi xabarda.

Elektrobus ko‘k rangga bo‘yalgan va tashqi tomondan ayni shu kompaniyaning bahorda shaharga 200 dona miqdorida keltirilgan “garmoshka”li avtobuslariga o‘xshaydi. Poytaxtda 10 yildan ortiq vaqt davomida bunday katta sig‘imli avtobuslar mavjud emasdi.

Ushbu mashinaning Toshkentga kelishi haqidagi xabarlar avgust oyi oxirida paydo bo‘lgandi. Shahar uchun bunday elektrobuslarni xarid qilish haqida xabar berilmagan.