25-sentabr soat 17:00 holatiga ko‘ra, tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi (TQR)dan Armanistonga 6500 dan ortiq odam yetib keldi. Bu haqda Armaniston hukumati saytida xabar qilindi.

Tog‘li Qorabog‘dan qochqinlarni evakuatsiya qilish bir kun avval boshlangan. “Yaqinda o‘tkazilgan harbiy amaliyotlar natijasida boshpanasiz qolgan va respublikani tark etish istagida bo‘lgan oilalar Rossiya tinchlikparvar kuchlari hamrohligida Armanistonga olib ketiladi”, — deya xabar berdi o‘zini o‘zi e’lon qilgan TQR hukumati 24-sentabr kuni.

TQR prezidenti maslahatchisi David Babayanning Reuters agentligiga bildirishicha, Tog‘li Qorabog‘ning 120 mingdan ortiq etnik armanlari Ozarbayjon tarkibida yashashni istamagani uchun mintaqani tark etib, Armanistonga ketishadi.

“Xalqimiz Ozarbayjonning bir qismi sifatida yashashni xohlamaydi. 99,9 foizi tarixiy yerlarimizni tark etmoqchi”, dedi u agentlikka va Tog‘li Qorabog‘ armanlari etnik tozalashdan qo‘rqishini qo‘shimcha qildi.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev esa, o‘z navbatida, Qorabog‘ armanlarining ozarbayjon jamiyatiga qayta integratsiyalashuvi jarayoni muvaffaqiyatli kechishiga ishonch bildirdi. U, shuningdek, Ozarbayjon hududning arman aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatish boshlanganini aytdi.

Avvalroq Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakat Tog‘li Qorabog‘ aholisini “agar ularning bu hududda qolishi mumkin emasligi aniqlansa” qabul qilishga tayyorligini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Armanistonda 40 mingdan ortiq ko‘chiriladiganlar uchun joylar tayyorlangan.

Tog‘li Qorabog‘dagi mojaroning avj olishi 19-sentabr kuni Ozarbayjon tan olinmagan respublikada “aksilterror operatsiyasi” boshlanganini e’lon qilib, uning hududini, jumladan, poytaxt Stepanakertni o‘qqa tuta boshlaganidan keyin boshlangan.

20-sentabr kuni tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Tog‘li Qorabog‘ hukumati Ozarbayjonning talablariga rozi bo‘ldi: tan olinmagan respublika armiyasi tarqatib yuboriladi va uning hududidan harbiy texnika olib chiqiladi. Kelishuvga ko‘ra, mahalliy aholining reintegratsiyasi va xavfsizligi masalalari Ozarbayjon vakillari bilan uchrashuvlarda hal etilishi kerak.

Tog‘li Qorabog‘dagi voqealar fonida Armaniston poytaxtida Pashinyan iste’fosini talab qilib ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi, o‘nlab odamlar hibsga olindi.