Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonda 2023 va 2024-yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy o‘sish prognozini yaxshiladi. Bu haqda bankning sentabr oyidagi hisobotida ma’lum qilingan.

Aprel oyida OTB O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 2023-yilda 5 foizga o‘sishini kutgan edi. Yangi hisobot prognozni 5,5 foizgacha qayta ko‘rib chiqdi. Birinchi yarim yillikda iqtisodiy o‘sish (5,6 foiz) Rossiyaga oziq-ovqat va to‘qimachilik mahsulotlari eksporti, shuningdek, investitsiyalar hajmining oshishi hisobiga kutilganidan yuqoriroq bo‘ldi.

Bundan tashqari, fiskal rag‘batlantirish, mustahkam tashqi savdo, sanoatni rivojlantirish, jumladan, tog‘-kon sanoati, investitsiyalarni ko‘paytirish ham bunga hissa qo‘shdi.

Qishloq xo‘jaligidagi o‘sish 2,6 foizdan 3,8 foizgacha tezlashdi, biroq xizmat ko‘rsatish sohasida 7,9 foizdan 6,4 foizgacha sekinlashdi. Qurilish sohasida ko‘rsatkichlar 5,1 foizdan 4,8 foizgacha kamaydi, uy-joy qurilishi, infratuzilma va ta’mirlash ishlarida kamroq o‘sish kuzatildi.

Savdo taqchilligi (import eksportdan ko‘pligi) tovarlar bo‘yicha 18,4 foizga oshdi, bu asosan neft-kimyo, mashinalar va transport uskunalari importining ko‘payishi hisobiga, turizmdagi o‘sish esa xizmatlarning kichik profitsiti deyarli yarim barobarga o‘sdi.

Biroq, iste’mol 9,6 foizdan taxminan 5,6 foizgacha sekinlashdi, chunki doimiy ikki xonali inflyatsiya ish haqi va pensiyalarning o‘sishiga qaramay, aholining real daromadlari va talabni pasaytirdi. OTB oziq-ovqat va energiya narxlarining yuqoriligi va pul o‘tkazmalarining pastligi yilning ikkinchi yarmida aholining real daromadlari va iste’molini pasaytirishda davom etishini kutmoqda.

Shu bilan birga, sanoat, qishloq xo‘jaligi va kapital qo‘yilmalar joriy yilning qolgan qismida va 2024-yilgacha barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolishi mumkin, deb kutmoqda mintaqaviy taraqqiyot banki.

O‘zbekistonda ish haqi va pensiyalar oshishi hisobiga 2022-yilning birinchi yarmidagi 10,6 foizdan 2023-yilning birinchi yarmida inflyatsiya 11 foizga tezlashdi.

2023-yil oxirigacha davom etadigan asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod etilishi oziq-ovqat inflyatsiyasini 14,2 foizdan 13,8 foizga sekinlashtirishga yordam berdi. Shu bilan birga, boshqa tovarlar bo‘yicha inflyatsiya 9 foizdan 9,5 foizga, xizmatlar bo‘yicha esa 6,6 foizdan 8,3 foizga tezlashdi.

Inflyatsiya prognozi 11 foiz darajasida saqlanib qoldi, bu Markaziy bank prognozlaridan (8,5−9,5%) ancha yuqori. OTB narxlarni liberallashtirish (energiya resurslari uchun) joriy va kelgusi yilda inflyatsiyaning oshishiga yordam berishini qayd etadi. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 2015-yildan beri eng past darajaga — 10 foizgacha tushadi.

Joriy hisob taqchilligi (tovar va xizmatlar eksporti va importi; xorijdan olingan va to‘langan daromadlar; xorijga va chet eldan joriy transferlar) 2022-yilning birinchi yarmidagi YAIMning 2,3 foizidan bir yil o‘tib 6,3 foizgacha keskin oshdi. Buning sabablari orasida pul o‘tkazmalarining kamayishi va savdo balansining o‘sishi bor. Rossiyada O‘zbekistondan kelgan mavsumiy mehnat muhojirlari soni kamaygani sababli, bu transchegaraviy pul o‘tkazmalarining 32,4 foizga qisqarishiga olib keldi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1-oktabrdan tadbirkorlik va tashkilotlar uchun elektr energiyasi va gaz narxi oshadi. 2024-yil may oyida aholi uchun tariflarni oshirish rejalashtirilgan.