O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh safari doirasida 19-sentabr kuni mazkur mamlakatdagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashgandi. Tadbirda qatnashgan iqtisodchi Behzod Hoshimov va Botir Qobilov o‘zlarining Uzbekonomics mualliflik podkasti maxsus sonida prezident bilan bo‘lgan uchrashuv haqida gapirib berdi.

“Men sizni kuzataman, o‘qiyman, ko‘rganimdan xursandman”, — degan davlat rahbari Behzod Hoshimov bilan muloqot boshida. Behzod Hoshimov moliya-iqtisodiyotga doir mulohazalarini Telegram’dagi kanalida muntazam yozib boradi. Bundan tashqari, Youtube`dagi “Hoshimov iqtisodiyoti” kanalida soha ekspertlari bilan suhbatlar e’lon qiladi.

Hoshimov uchrashuvdagi nutqini O‘zbekiston 1991-yilda jon boshiga o‘rtacha 654 dollar daromadga ega bo‘lgani, hozir bu raqam 2200 dollar ekani, o‘tgan 30 yillik davrda bu ko‘rsatkichni yanada oshirish mumkin bo‘lgani haqidagi fikr bilan boshlagan. Xuddi shu davrda sezilarli iqtisodiy o‘sishga erishgan davlatlar, jumladan, Xitoy, Vetnam va Polsha tajribasi haqida so‘z borgan.

Behzod Hoshimov prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muloqoti davomida O‘zbekistonda isloh qilinayotgan va yanada chuqurroq islohotlar qilinishi zarur bo‘lgan sohalarni sanab o‘tgan.

“Birinchi masala bu — huquqiy muhit, o‘yin qoidalari, hamma uchun adolatli va shaffof bo‘lgan sud tizimi. Bu O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanishi uchun eng muhim narsa”, — deydi u.

Ikkinchi masala sifatida O‘zbekiston dunyo bozoriga kirishi, dunyodagi ishlab chiqarish zanjirlarining bir qismi bo‘lishi uchun erkin savdoga ega bo‘lishi kerakligi ko‘rilgan.

“Bu mamlakat Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi lozim, savdoga bo‘lgan byurokratik va nobyurokratik to‘siqlar olinishi kerak, degani. Erkin savdo O‘zbekistonda resurslar to‘g‘ri taqsimlanishiga olib keladigan mo‘’jizaviy qurol ekani haqida aytdim”, — deydi iqtisodchi.

Eslatib o‘tamiz, “Gazeta.uz” o‘zining Mifonomika loyihasida ham Behzod Hoshimov bilan bu mavzuni batafsil muhokama qilgandi.

Uchinchi masala kapitalning mavjud bo‘lishi va erkin harakatlanishi haqida bo‘lgan.

“O‘zbekistondagi korxonalar o‘sishi qiyin, chunki kapital qimmat va uni olish qiyin. Buni ta’minlash uchun, korxonalarimiz katta bo‘lishi va kengayishi uchun, soddaroq tilda aytganda, pul olib kelishimiz kerak. Bu ham huquqiy muhitga borib taqaladi va boshqa omillari ham bor”, — deydi iqtisodchi.

Iqtisodchi to‘rtinchi masala sifatida infratuzilmani ko‘rsatgan.

“Suv, elektr, gaz kabi aholining hayotini yaxshilovchi, shu bilan birga, ishlab chiqarish uchun nihoyatda kerak bo‘lgan infratuzilma barqaror bo‘lishini ta’minlash kerak. Buning uchun esa xususiylashtirish jarayonlari kerak, investitsiya kerak. Investitsiya kiritilgach, narxlar bozor orqali belgilanganidan keyin tejamkorlik ham bo‘ladi, energoresurslar ham to‘g‘ri taqsimlanadi”, — deydi mutaxassis.

So‘nggi — beshinchi masala ilm-fanga davlat tomonidan investitsiya kiritilishi haqida edi. Bu masala bo‘yicha fikr almashish chog‘ida prezidentning o‘zi ham O‘zbekistonda ilm-fanga sarflanadigan mablag‘ miqdori YAIMning 1 foizidan kamroq ekanini ta’kidlagan — boshqa rivojlangan mamlakatlar yoki qachondir rivojlanish bosqichida bo‘lgan mamlakatlar mazkur sohaga bundan ko‘proq mablag‘ sarflagan.

Foto: Prezident matbuot xizmatiFoto: Prezident matbuot xizmati

“Shu beshta punkt bo‘yicha batafsil muloqot bo‘ldi. Prezident ularning har biri bo‘yicha alohida o‘z fikrlarini bildirdi. Qaysi punktlarda rivojlanish ko‘proq, qaysilarida kamroq ekanini so‘radi. Shu rivojlanish yo‘lida mavjud bo‘lgan to‘siqlar haqida savol berdi. O‘sish sur’atlari haqida ham mulohazalar bo‘ldi. Juda ham chuqur va bafurja fikr almashdik. Prezident har bir mulohazani chuqur tushunayotgani, muloqot ilmiy seminardek o‘tgani menga optimizm bag‘ishladi”, — deydi Behzod Hoshimov.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev muloqotini Botir Qobilov bilan davom ettirgan.

“Ichingizdagi dardingizni ayting. Bilaman, sizlar xohlasangiz ham, xohlamasangiz ham, hamma narsani aytolmaysiz. Qog‘ozga o‘rab aytasiz. Lekin ochiq gapiringlar”, — degan prezident.

Botir Qobilovning ta’kidlashicha, prezident bu orqali muloqotdagilarga ijobiy ta’sir o‘tkazishni va ular o‘zini erkinroq tutishini istagan.

Shavkat Mirziyoyev bu gaplarni uchrashuvdan keyin ham takrorlagan. “Bilaman, aslida bundan ham ko‘proq gaplaring bor, lekin aytginglar kelmayapti”, — degan davlat rahbari.

Botir Qobilov prezident bilan mamlakatdan malakali kadrlarning chiqib ketishi (brain drain) haqida gaplashgan.

Foto: Prezident matbuot xizmatiFoto: Prezident matbuot xizmati

“Buning asoratlarini ko‘pincha salbiy baholashadi. Ya’ni ular chiqib ketgach, mamlakatda hech kim qolmaydi, keyin uni kim rivojlantiradi, degan savollar qo‘yiladi. Men bu narsa muammo emasligi haqida gapirdim”, — deydi Botir Qobilov.

“Men magistratura va doktoranturaga harakat qilayotgan davrda to‘siqlar ko‘proq edi. Masalan, valyuta kursi ikki xil edi, xorijiy to‘lov tizimlari ishlamas yoki oddiy test markazlari yo‘q edi. Shularni eslab, menga qiyin bo‘lgan, bularda imkoniyat ko‘proq deb, yonimizda o‘tirgan „El-yurt umidi“ jamg‘armasi stipendiatlarini ko‘rsatdim”, — deya qo‘shimcha qilgan Qobilov.

Uning aytishicha, chet elda o‘zbekistonliklar soni ko‘payishi O‘zbekistonning o‘ziga ham foydali bo‘ladi. “To‘ppa-to‘g‘ri, 100 foiz qo‘shilaman”, — degan bu fikrga javoban prezident.

“Davlat rahbari bu bilan sizlar bu yerda turib ham mamlakatga foyda keltirishlaring mumkin, balki O‘zbekistonda bo‘lganinglardan ham ko‘proq foydangiz tegishi mumkin, demoqchi bo‘ldi”, — deya qo‘shimcha qildi Behzod Hoshimov.

Shuningdek, Botir Qobilov o‘zbeklar demokratiyaga tayyor emas, degan qarash yuzasidan ham fikr bildirgan.

“Bu — noto‘g‘ri narsa, chunki o‘zbekistonliklar ham barcha insonlar kabi farovonlik, baxt, tinchlik, xavfsizlik, erkinlik va o‘z mulklarining daxlsizligi kabi fundamental narsalarni xohlashadi. Biz rag‘batlar tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olishimiz kerak”, — deydi u.

Prezident, shuningdek, bug‘doyning bozor narxiga o‘tkazilishi qanday ijobiy natijalarga olib kelgani va buni Jahon banki vakillari ham qayd etib o‘tganini aytgan.

“Prezident juda ham diqqatli tinglovchi ekan. YAIM haqida gapirayotganimda 5−6 daqiqa avval aytgan fikrimni eslatib, aniqlashtirdi”, — deydi Botir Qobilov.

Prezident matbuot xizmatining ushbu muloqot haqida bergan axborotida Behzod Hoshimov Shavkat Mirziyoyevga telefonidan nimanidir ko‘rsatayotgani aks etgan surat ham bor edi. Iqtisodchi bu vaziyatni izohlab, prezidentga nimani ko‘rsatganini tushuntirdi. Uning gaplaridan anglashilishicha, Behzod Hoshimov prezidentga qizining suratini ko‘rsatgan.

Foto: Prezident matbuot xizmatiFoto: Prezident matbuot xizmati

“Men qizimga prezidentni uyimga mehmon bo‘lish uchun chaqirayotganini aytdim. Qizim men davlat rahbari bilan uchrashgani ketayotganimdan xabardor edi”, — dedi Behzod Hoshimov.

Shavkat Mirziyoyev bunga javoban “qizingizga men uning otasi bilan faxrlanishimni yetkazing”, degan.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev suhbat davomida iqtisodchilar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson tomonidan yozilgan Why nations fail kitobining o‘zbekcha tarjimasini (“Mamlakatlar tanazzuli sabablari”) o‘qiganini ta’kidlagan. Iqtisodchi Behzod Hoshimov kitobning o‘zbek tilidagi tarjimasiga muharrirlik qilgan.

Bundan tashqari, prezident Behzod Hoshimovdan chet eldagi o‘zbekistonlik mutaxassislar O‘zbekiston hukumati amalga oshirayotgan islohotlar yuzasidan taklif va fikrlarini bildirib boradigan platforma yaratish bo‘yicha taklif tayyorlashini so‘ragan.

“Menga bu bo‘yicha vaqt berildi. Shu vaqt ichida o‘z taklifimni ishlab chiqib, prezidentga xat bilan chiqishim kerak bo‘ladi. Buni xursand bo‘lib qabul qildim”, — deydi u.