21-sentabr kuni Visa kompaniyasi Toshkentda o‘z ofisini ochdi, deya ma’lum qildi kompaniyaning Markaziy va Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikadagi (CEMEA) prezidenti Endryu Torre Visa Central Asia Payment Forum doirasida. Bu haqda “Gazeta.uz”ga kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Endryu Torre raqamli to‘lovlarning O‘zbekiston hukumati va Markaziy bank tomonidan amalga oshirilayotgan naqd pulsiz iqtisodiyotni rivojlantirish milliy strategiyasi doirasida erishilgan sezilarli taraqqiyoti va rivojlanishi ekanini qayd etdi.

“Visa Markaziy Osiyoda 30 yildan ortiq faoliyat yuritib kelmoqda va O‘zbekistondagi ofisimiz ochilayotganligi haqida birinchi bor e’lon qilishdan mamnunmiz. Biz qulay, tezkor va xavfsiz raqamli to‘lovlarga sezilarli va barqaror o‘tib borilayotganligining guvohi bo‘ldik”, — dedi u.

Kompaniya vakilining aytishicha, Markaziy Osiyodagi pullar kelajagi raqamli texnologiyalar bilan chambarchas bog‘liq. U mintaqada iqtisodiy o‘sish va rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat hamda xususiy sektorlar bilan hamkorlik davom etishini kutmoqda.

Visa`ning Ukraina, Gruziya, MDH mamlakatlari va Janubi-Sharqiy Yevropadagi katta vitse-prezidenti va mintaqaviy menejeri Vera Platonovaning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya raqamli to‘lovlarni rivojlantirishga ko‘maklashish borasidagi qarashlari va maqsadlari borasida O‘zbekiston hukumati bilan hamfikrdir.

“Keyingi uchta o‘n yillik to‘g‘risida fikr yuritar ekanmiz, biz Visa`da kelajakka ishonch bilan qaraymiz va O‘zbekistonda naqd pulsiz iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash hamda xavfsiz va uzluksiz raqamli tranzaksiyalarni amalga oshirish bo‘yicha ishimizni davom ettirishdan mamnun bo‘lamiz. Toshkentda Visa ofisining ochilishi, mamlakatdagi barcha moliya institutlari va savdo hamda xizmat ko‘rsatish korxonalariga ko‘rsatilayotgan yordamni kuchaytiradi, shuningdek, sanoatning yanada taraqqiy qilishiga va umuman iqtisodiy o‘sishga ijobiy hissa qo‘shadi”, — deya ta’kidladi Vera Platonova.

Ma’lumot uchun, Visa raqamli to‘lovlar bo‘yicha jahon yetakchisi bo‘lib, 200 dan ortiq mamlakat va hududlarda iste’molchilar, savdogarlar, moliya institutlari va davlat tuzilmalari o‘rtasida to‘lov tranzaksiyalarini amalga oshiradi.