Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishi o‘zbek guruhiga eng yuqori — 189 ball to‘plangan, ammo to‘lov-kontrakt asosida tavsiya etilgan 5 nafar talaba davlat granti asosida o‘qiydigan bo‘ldi.

Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatovning ma’lum qilishicha, bu bo‘yicha Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining navbatdagi bayoni qabul qilingan.

Unga ko‘ra, Aziza Axatova, Muxayyoxon Abdulvoxidova, Ubaydullo Xo‘jabekov Ne’matovich, Muxlisa Irgasheva va Sanjar Tilavoldiyev prezident tomonidan berilgan imtiyoz bo‘yicha davlat grantida o‘qiydi.

Muammo shundaki, bir nechta abituriyentlar “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga berilgan imtiyoz sabab kontrakt asosida o‘qishga kirgan. Faollar bunday imtiyozni “o‘ta adolatsiz” deb atagandi. Vazirlik esa maksimal ball to‘plagan 200 nafar talabaga “prezident granti” berilishini ma’lum qilgan.

Qabul komissiyasi a’zosi, Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori Majid Karimovdan bundan keyin ham shunday muammolar paydo bo‘lishi ehtimoli haqida savol berildi.

Uning qayd etilishicha, “Temurbeklar maktabi”ning ham kvotalarini alohidalashtirish ustida ish olib borilmoqda.

“Shunga o‘xshash keyingi holatlarning ham oldini olish uchun muntazam ishlovchi tartib ishga tushirilyapti. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetidan boshqa OTMda bunday muammo yo‘q. Maksimal ball to‘plab ham kontraktga o‘qishga qabul qilinganlar aslida 6 nafar edi. Qoraqalpog‘istonlik bir talabaning muammosini hal qildik. Qalgan 5 nafarining muammosi esa bugun yoki ertaga hal bo‘ladi”, — deya javob qaytargan agentlik raisi.