O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-sentabr kuni Nyu-York shahriga tashrifi doirasida AQShning eng yirik Citigroup moliyaviy korporatsiyasi raisi Jon Duganni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Davlat rahbari O‘zbekiston banklari va davlat korxonalari obligatsiyalarining xalqaro fond bozorlarida muvaffaqiyatli joylashtirilishiga ko‘maklashgan korporatsiya bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyev Citigroup`ning O‘zbekistonda Citibank sho‘’ba banki ofisini ochish bo‘yicha rejalarini qo‘llab-quvvatladi.

citibank

Uchrashuvda bank-moliya sohasini rivojlantirish, fond bozoridagi qimmatli qog‘ozlar jozibadorligi va likvidligini oshirish uchun samarali vositalarni joriy etish, O‘zbekiston kapital bozoriga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda AQSh korporatsiyasi bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlar va aniq ijro muddatlarini ko‘rsatgan holda “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olingan.