“Vesti.uz” saytida 19-sentabr kuni Aleksandr Groshev imzosi bilan “O‘zbekistondagi Rossiya maktablariga kimlar qarshi chiqyapti?” sarlavhali material e’lon qilindi. Unda Rossiyaning O‘zbekistonda maktablar qurish taklifiga qarshi fikr bildirgan internet faollari rusofobiyada, O‘zbekistondagi rusiyzabon bolalar haqida qayg‘urmaslikda ayblangan.

Shu bilan birga, maqolada O‘zbekistonda Rossiya tomonidan maktablar qurilishiga qarshi fikr bildirgan faollar “G‘arb elchixonalariga sotilgan blogerlar hamda AQSh va Yevropa universitetlarining miyasi yuvilgan bitiruvchilari” deya ta’riflanadi, ularga Amerikaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Deniyel Rozenblyum tomonidan shunday topshiriq qo‘yilgani ta’kidlanadi.

Sayt va maqola muallifi bunday ayblovlarni tasdiqlovchi biror dalil keltirmagan.

“Vesti.uz”da e’lon qilingan materialning o‘zbekcha tarjimasi bilan quyida tanishish mumkin:

O‘zbekistondagi Rossiya maktablariga kimlar qarshi chiqyapti?

O‘zbekistonda rusofobiya mojarosi yuz berdi. Moskvaning respublikada bir nechta maktab qurish taklifiga qandaydir “jamoatchilik vakillari” qarshi chiqdi.

Nima emish, u yerda bolalarimiz Rossiya dasturlari bo‘yicha o‘qitiladi, demak bolalarimiz Ukrainadagi Maxsus harbiy operatsiyani oqlab boshlaydi.

O‘zbekiston hukumati rahbari Abdulla Aripov maktablar bo‘yicha taklifni ma’qulladi va matematika, fizika va kimyo fanlari bo‘yicha rus tilida dars beruvchi o‘qituvchilarni ko‘proq yuborishni ham so‘radi hatto. O‘zbekistonda ta’lim rus tilida olib boriladigan mingga yaqin maktab bor, biroq ona tili rus bo‘lgan o‘qituvchilar muammosi yuzaga kelgan.

Rasmiy Toshkent MDH doirasida rus tilini rivojlantirish dasturida faol qatnashmoqda. Bu yoqda bo‘lsa, qarangki, “jamoatchilik”, go‘yoki, darg‘azab va rus maktablaridan voz kechishni talab qilmoqda.

Bu “ovozlar” ortida kimlar turgani sir emas. Bularning bari G‘arb elchixonalari tomonidan sotib olingan blogerlar hamda AQSh va Yevropa universitetlarining miyasi yuvilgan bitiruvchilaridir.

Ular oldiga topshiriq Amerikaning Toshkentdagi sobiq, hozirda Qozog‘istondagi elchisi hisoblangan Deniyel Rozenblyum tomonidan qo‘yilgan. Aynan u Davlat departamentida Markaziy Osiyo uchun mas’ul bo‘lgan vaqti “Rossiya dezinformatsiyasi”ga qarshi kurash rejasini pishirib, rejaning moliyalashtirilishiga erishgan edi.

Unga yordamga hukumat rahbarining matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov shoshildi. U jamoatchilikni Rossiya o‘quv dasturlari “respublikaning milliy urf-odatlari, qadriyatlari va an’analariga muvofiqligi” sinchkovlik bilan o‘rganib chiqilishiga ishontirdi. Shundan keyingina maktablarga litsenziya beriladi. Mobodo berilmay qolsa-chi?

Nima uchundi hech kim O‘zbekistondagi rus va rusiyzabon bolalar haqida o‘ylamadi. Matematika o‘zbek tilida o‘tilsa, ular qanday o‘qiydi? Allaqachondan beri shunday bo‘lib qolgan ham. Yoki butun rus sinfi yoki talabalar guruhida faqat ikki-uch kishigina “buyuk va qudratli” tilni bilishi [ham odatiy hol bo‘lib qolgan].

Balki yangi maktablar faqat Rossiyaning tub-joy aholisi, bo‘lajak ko‘chuvchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lar?

“Jamoatchilik” buni ko‘rmay qoladi. Mehnat muhojirlarining farzandlari Rossiya maktabiga mutlaqo til-zabonsiz boradi, shu tariqa boshidan autsayder va bilimsizlar qatoriga tushib qolishi ham hech kimni xavotirga solmaydi.

Negadir hech kim Rossiyada o‘zbek maktablarini qurishni taklif qilmaydi. Vaholanki, ko‘plab bolalar vatanga (o, dahshat!) Rossiyada olingan bilimlar bilan, xususan, Ukrainani natsizmdan tozalashga doir haqiqat bilan qaytadi. Ular qo‘shtirnoq ichidagi “jamoatchilik”ni qanday rad etishini tasavvur qilish qiyin emas.

Maqola tugadi.

O‘zi nima bo‘lgandi?

18-sentabr kuni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin O‘zbekiston va Rossiya hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiya yig‘ilishida uning mamlakati O‘zbekistonda Rossiya dasturlari asosida, ta’lim rus tilida olib boriladigan bir nechta maktab qurishga tayyor ekanini ma’lum qilgan edi. Yig‘ilishda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bu taklifni minnatdorchilik bilan qabul qilishini qayd etib, O‘zbekistondagi maktablarning 10 foizida rus tilida ta’lim berilishini ma’lum qilgan.

Bu xabarlarga munosabat bildirarkan, ta’lim eksperti Komil Jalilov O‘zbekistonning “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, mamlakatdagi ta’lim tashkilotlarida respublika davlat ta’lim standartlarini va (yoki) davlat ta’lim talablarini bajarish majburiy ekanini eslatib, Rossiya o‘quv dasturlariga Ukrainaga qarshi tajovuzkorligini oqlovchi darslar va mavzular kiritilgani, umuman, maktab ta’limi propagandaning bir qismiga aylanganini ta’kidlagan.

Iqtisodchi Otabek Bakirov esa “Ich-ichimdan umid qilaman… „taklifni katta minnatdorchilik bilan qabul qilamiz“ so‘zlari protokol mulozamati bo‘lib qoladi, lutfdan nariga o‘tmaydi”, — deya munosabat bildirdi.

Shundan so‘ng bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustinning O‘zbekistonda maktab qurib berish taklifi noto‘g‘ri talqin qilinayotgani haqida post qoldirdi. Uning ta’kidlashicha, “xorijiy mamlakatlar tomonidan qurib beriladigan maktablarning ta’lim dasturlari dastlab soha mutaxassislari tomonidan milliy urf-odat, qadriyat va an’analarimiz, tariximiz, amaldagi qonun hujjatlarimiz, mavjud ta’lim standartlarimiz nuqtai nazaridan chuqur o‘rganib chiqiladi”.

“Agar shunday bo‘lsa, bu to‘g‘ri qaror bo‘ladi”, — deya bosh vazir matbuot kotibining bayonotini qo‘llab-quvvatladi ta’lim eksperti Komil Jalilov. Uning ta’kidlashicha, “ta’lim masalasini xalqaro hamjamiyat tomonidan agressor deb tan olingan davlatga ishonish juda qaltis xato bo‘ladi”. U, shuningdek, Rossiya federal telekanallari orqali tarqatilayotgan propaganda masalasini ham ko‘rib chiqishga chaqirgan.

“Vesti.uz” qanday sayt?

Rossiya davlat siyosatining nuqtai nazarini ifoda etuvchi “Vesti.uz” sayti 2005-yili Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida ochilgan (vesti.uz domen nomi ilk bor 2004-yilda ro‘yxatga olingan bo‘lib, hozirda unga Rossiyaning Krasnodar o‘lkasida yashovchi jismoniy egalik qiladi). Saytga 2005-yilga qadar “Rossiyskaya gazeta”ning O‘zbekistondagi muxbiri sanalgan Vladimir Berezovskiy muharrirlik qilgan (u 2010-yili O‘zbekistonda O‘zMAA (hozirgi AOKA)ning Monitoring xizmati xulosalari asosida sudlangan).

Kuniga 15−30 ming atrofida tashrifchi kirishi ta’kidlanadigan mazkur sayt auditoriyasining salkam 80 foizini o‘zbekistonliklar tashkil etsa-da (.pdf), “Vesti.uz” tahririyati Moskva shahrida joylashgan, sayt 2017-yili Rossiya aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha federal xizmati (“Roskomnadzor”) tomonidan elektron ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan (“Roskomnadzor” ma’lumotiga ko‘ra, sayt ta’sischisi — V.K. Berezovskaya, saytning OAV guvohnomasi 2022-yil 30-martida muassis tashabbusi bilan bekor qilingan).

Ayni vaqtda saytda bog‘lanish uchun O‘zbekiston telefon raqamlari ham qoldirilgan. Ko‘rsatilgan telefon raqami (va elektron pochta manzillaridan biri) Rossiya elchixonasi tomonidan tayyorlangan (.pdf) va Rossiya fuqarolari O‘zbekiston hududida o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida murojaat qilishi tavsiya etiladigan bo‘lgan advokatlar ro‘yxatida keltirilgan “Key-Zet” advokatlar firmasining aloqa ma’lumotlari bilan bir xil. Firmaning bog‘lanish mumkin bo‘lgan vakillari sifatida Vladimir Berezovskiy va Zamira Mustafina ko‘rsatilgan.