Toshkent shahri Mirobod tumani Buyuk Turon ko‘chasi, 41 va 42-uy manzillarda joylashgan bino va inshootlar yagona mulkiy majmua sifatida savdoga chiqariladi, deya xabar qildi O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.

Hukumat qarori bilan “Sharq” nashriyot-matbaa AJning bino-inshootlari va ishlab chiqarish uskunalari ma’nan eskirib, ta’mirtalab va aksariyati yaroqsiz ahvolga kelib qolganligi sababli Uchtepa tumani Katta Xirmontepa ko‘chasi 1-uy manzilida joylashgan yangi bino-inshootlarga ko‘chirilmoqda.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) ma’muriy binosi esa Mirobod tumani Matbuotchilar ko‘chasi, 32-uy manzilidagi Matbuot uyiga ko‘chiriladi.

ўза, шарқ nashriyotи

Ushbu binolar joylashgan (umumiy yer maydoni 3,02 gektar, bino-inshoot maydoni 56 525 kv m) bino va inshootlar bo‘shayotganligini inobatga olib, ularning negizida “zamonaviy shaharsozlik talablariga mos keluvchi yagona mulkiy majmua” barpo etiladi.

Takliflar 20-oktabrgacha E-auksion elektron savdo maydonchasi orqali qabul qilinadi.

Majmua “zamonaviy shaharsozlik talablarini inobatga olgan eng maqbul loyiha konsepsiyasini taqdim etish sharti bilan yagona mulkiy majmua sifatida xususiylashtiriladi”.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil yozida “Sharq” nashriyot-matbaa ijodiy uyi ro‘parasida joylashgan DXXning sobiq binosi 210 mlrd so‘mga xususiylashtirilgan edi. Uni Metropol Group kompaniyasi 22 qavatli Radisson Collection mehmonxonasini qurish uchun sotib olgan. Iyul oyidan buyon bino buzilmoqda.