18-sentabr kuni Toshkentga Turkiyada fevral oyida ro‘y bergan zilzila oqibatida jabr ko‘rgan bir guruh nuroniylar keldi. Bu haqda poytaxt hokimligi axborot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Fevral oyida epitsentri Qahramonmarash bo‘lgan zilzilalardan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida O‘zbekiston Hatay viloyatining Ovakent tumanini qayta tiklashga yordamlashishi, uy-joylar, zamonaviy maktab va infratuzilma obyektlarini qurishda ishtirok etishini bildirgandi.

O‘shanda talafot ko‘rgan hududlardan yoshi ulug‘ insonlar va nuroniylarning O‘zbekistonda sog‘lig‘ini tiklashi va dam olishlari, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi ajdodlar qadamjolarini ziyorat qilishlari uchun barcha qulay shart-sharoitlar yaratib berilishi ta’kidlangan.

O‘zbekistonga tashrif

30 nafar nuroniydan iborat guruhni “Toshkent” xalqaro aeroportida “Nuroniy” jamg‘armasi va Toshkent shahri hokimligi vakillari kutib oldi. Ular O‘zbekistonga sayohat davomida Jizzax, Samarqand, Buxoro, Urganch kabi shaharlarga tashrif buyuradi.

Xususan, ularning

  • Toshkentdagi “Hazrati Imom”, “Suzuk-ota” majmualari va “Chorsu” bozoriga;
  • Toshkent viloyatining Zangiota va Bo‘stonliq tumanlariga;
  • Jizzax viloyatidagi masjid va Zomin milliy tabiat bog‘iga;
  • Samarqand shahriga (viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bilan uchrashuv ham reja qilingan) borishi;
  • Imom al-Buxoriy majmuasi, “Konigil” turizm qishlog‘i, Islom Karimov qabrini ziyorat qilishi, Amir Temur maqbarasiga borishi;
  • Buxoro viloyatidagi Bahouddin Naqshband ziyoratgohi, Somoniylar maqbarasi, Ark qal’asiga borishi;
  • Xorazm viloyatidagi Ulli hovli majmuasi, Ichan qal’a davlat muzey qo‘riqxonasi, “Karvonsaroy” va “Nurullaboy” majmualariga sayohat qilishi rejalashtirilgan.

Ular 25-sentabr kuni Urganch xalqaro aeroportidan Turkiyaga uchib ketadi.

Tadbirlarni o‘tkazish bilan bog‘lik xarajatlar budjetdan tashqari Turizmni ko‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va Toshkent shahri, Toshkent, Jizzax, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlari hokimliklarining mahalliy budjeti hisobidan qoplanadi.

Turkiyada 6-fevral kuni qariyb 100 yil ichidagi eng kuchli zilzilalardan biri sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida, ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, 50 783 kishi halok bo‘lgan, 297 kishi bedarak yo‘qolgan va 107 204 kishi jarohatlangan. Zilzila kamida 15,73 million odam va 4 million binoga ta’sir ko‘rsatgan. 345 mingga yaqin xonadon vayron bo‘lgan.