AQShga amaliy tashrif bilan borgan Shavkat Mirziyoyev 18-sentabr kuni Nyu-Yorkda AQSh-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati ma’lum qildi.

Uchrashuvda GE Healthcare, Oppenheimer, Cerberus, CNH va Cintana korporatsiyalari rahbarlari ham ishtirok etdi.

O‘zbekiston rahbari uchrashuv ishtirokchilarini AQSh-O‘zbekiston savdo palatasi tashkil etilganining 30 yilligi bilan tabriklab, ushbu tuzilmaning ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishdagi muhim rolini ta’kidladi.

Palataga a’zo kompaniyalarning umumiy soni (har ikki mamlakatdan) 50 taga yetdi. Ular orasida GM, General Electric, Google, P&G va boshqalar kabi gigantlar bor.

Uchrashuvda AQSh biznesining mamlakatimizdagi faoliyatini kengaytirish borasidagi aniq rejalari muhokama qilindi. Yakunda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xarita”larini qabul qilishga kelishib olindi, deyiladi xabarda.

Shavkat Mirziyoyev uchrashuvda ishtirok etgan kompaniya rahbarlari bilan ham alohida muzokaralar olib bordi.

ақш, ўзбекистон

Xususan, u GE Healthcare kompaniyasining Yevropa, yaqin Sharq va Afrikadagi prezidenti va bosh ijrochi direktori Rob Uolton bilan uchrashdi.

Jahon sanoat giganti Rob Uolton O‘zbekistonda tibbiy ma’lumotlar milliy arxivini yaratishda ishtirok etish niyatida. Shuningdek, kompaniya O‘zbekiston korxonalari bilan investitsiya va texnologik hamkorlikni, shu jumladan, zamonaviy yuqori texnologiyali uskunalarni yetkazib berish va mahalliylashtirish loyihalarini kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Sog‘liqni saqlash sohasida esa kardiograflar ishlab chiqarish, skrining dasturlari va axborot kardio tizimi ishga tushirilishi belgilandi.

ақш, ўзбекистон

Oppenheimer boshqaruvchi direktori Jon Tonelli bilan uchrashuvda 36 mlrd dollarlik aktivlari bilan ushbu yirik investitsiya bankining kapitalini jalb qilgan holda O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Mamlakatda sanoat quvvatlarini yaratish va modernizatsiya qilishning yirik loyihalariga xususiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha kelishuvlar belgilangani haqida xabar berildi.

Bunda gap birinchi bosqichda to‘qimachilik klasterlarini rivojlantirish loyihalarini, qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmog‘i korxonalarini va Toshkentning infratuzilmaviy rivojlanishini moliyalashtirish to‘g‘risida ketmoqda.

Bundan tashqari, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun investitsiyalarni yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

ақш, ўзбекистон

Shavkat Mirziyoyev Cerberus vitse-prezidenti Brayan Xuk bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Aktivlari 60 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan global investitsiya korporatsiyasi aloqa, tog‘-kon sanoati, transport va energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish loyihalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Birinchi loyihalar yil oxirigacha ishga tushiriladi, deyiladi xabarda.

ақш, ўзбекистон

Shavkat Mirziyoyevning CNH kompaniyasi vitse-prezidenti Stiv Naderni bilan uchrashuvida O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi mashinasozligidagi uzoq yillik hamkori bilan yana hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.

Transmilliy kompaniya Case va New Holland brendlari ostida yo‘l qurish va qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqaradi. U tarmoqdagi bir qator sanoat korxonalarini xususiylashtirish va modernizatsiya qilish, kombayn va paxta yig‘ish mashinalarini ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, shu jumladan, yuqori quvvatli traktorlar ishlab chiqarish hamda lizing tuzilmalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy resurslar ajratish niyatida.

Avvalroq prezident va Air Products kompaniyasi rahbari Seyfi Gasemi o‘rtasidagi uchrashuvda kompaniya O‘zbekistonda umumiy qiymati 10 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan yangi investitsiya dasturini amalga oshirishi ma’lum qilingandi.

Cintana asoschisi Duglas Bekker bilan muzokaralar chog‘ida 2024-yilda Arizona shtat universiteti bilan hamkorlikda Toshkentda Amerika texnologiya universitetini ochish rejalari muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidentining 15-sentabr kuni AQShga tashrifi arafasida Vashingtonda O‘zbekistonning qator vazirlari, AQShning 250 dan ortiq kompaniya va banklari vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.