Ozarbayjon harbiylari tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi hududida “aksilterror tadbirlari"ni o‘tkaza boshladi. Bu bo‘yicha Ozarbayjon Mudofaa vazirligi bayonot berdi.

Unda aytilishicha, Qorabog‘ mintaqasidagi Armaniston qurolli kuchlarining bo‘linmalari tomonidan Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini tizimli ravishda o‘qqa tutish, hududlarni minalash ishlarini davom ettirish so‘nggi oylarda keskinlikning yanada kuchayishiga sabab bo‘lgan.

“2020-yil 10-noyabrda imzolangan uch tomonlama deklaratsiya qoidalarini ta’minlash, Qorabog‘ iqtisodiy rayonida keng ko‘lamli provokatsiyalarni bostirish, Armaniston qurolli kuchlarini hududlarimizdan chiqarib yuborish va qurolsizlantirish, ularning harbiy infratuzilmasini zararsizlantirish, bosqindan ozod qilingan hududlarga qaytgan tinch aholi, davlat xizmatchilari, qurilish-ta'mirlash ishlariga jalb etilgan harbiylarimiz xavfsizligini ta’minlash hamda Ozarbayjon konstitutsiyaviy tuzumini tiklash bo‘yicha mintaqada mahalliy aksilterror tadbirlari boshlandi”, — deyiladi vazirlik bayonotida.

Oldingi chiziqda yuqori aniqlikdagi qurollardan foydalangan holda Armaniston qurolli kuchlari bo‘linmalarining pozitsiyalari, ularning uzoq muddatli o‘q otish nuqtalari, shuningdek, jangovar vositalari va harbiy obyektlarini zararsizlantirilishi qayd etilgan. Shuningdek, фуқаролик obyektlari va aholi nishonga olinmasligi alohida ta’kidlangan.

Ozarbayjon ommaviy axborot vositalarida Stepanakert hududida Armaniston Qurolli kuchlarining “Tor” zenit-raketa kompleksi yo‘q qilingani lahzasi aks etgan videoni aylanmoqda.

">https://twitter.com/marutvanian/status/1704067945729605695?ref_src=twsrc%5Etfw%7Ctwcamp%5Etweetembed%7Ctwterm%5E1704067945729605695%7Ctwgr%5E%7Ctwcon%5Es1_c10&ref_url=[/twitter_post]

Armaniston Mudofaa vazirligi esa mamlakat chegaralarida vaziyat barqaror ekanini e’lon qildi.

“Soat 14:00 holatiga ko‘ra, Armaniston chegaralaridagi vaziyat nisbatan barqaror”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha mojaro 1980-yillarning oxiridan beri davom etib keladi. 2020-yil sentabr oyi oxirida vaziyat yana keskinlashganidan so‘ng Yerevan Tog‘li Qorabog‘ning bir qismini Boku nazoratiga qaytarishga rozi bo‘ldi va tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzoladi. O‘zaro hududlar tutashgan chiziq bo‘ylab Rossiya tinchlikparvar missiyasi joylashtirildi.