Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 16-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida avtokreditlar berishda banklarga qo‘yiladigan talablar kuchaytirilishini tushuntirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, regulyator “avtomobil kreditlashning yuqori sur’ati”dan xavotirda ekanini bir necha bor ta’kidlagan, chunki bu bank tizimi uchun ma’lum xavflarni keltirib chiqaradi.

“Hozir biz [avtokreditlashdagi] o‘sish sur’ati kreditlashning umumiy o‘sish sur’atidan bir necha baravar yuqori ekanini ko‘rmoqdamiz. Bu kreditning bir turi bo‘yicha yuqori darajadagi risk konsentratsiyasidan dalolat beradi”, — dedi u.

Markaziy bank rahbarining ta’kidlashicha, bu avtokreditlar berishga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi — “qanday berilgan bo‘lsa, shunday davom etadi”. Cheklovlar standartlardan tashqariga chiqqan banklarga nisbatan qo‘llanadi. Xususan, ayrim banklar kredit portfelining 50−60 foizdan ortig‘ini avtokreditlar tashkil etadi, dedi u.

Mamarizo Nurmuratov xavflardan biri sifatida 2009−2010-yillardagi vaziyatni misol qilib keltirdi, o‘shanda ikkilamchi avtomobil bozorida narxlar keskin tushib ketgan.

Bundan tashqari, banklar “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq ishlab chiqarish, savdo, sug‘urta va moliyaviy operatsiyalar bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa faoliyat turlari bilan bevosita shug‘ullanishi taqiqlangan bo‘lsa-da, tijorat faoliyati bilan shug‘ullangan.

“Banklar bank tizimiga xos bo‘lmagan funksiyalar bilan shug‘ullana boshladi — avtomobilni bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotish. Qonunda bank tijorat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega emasligi bevosita qayd etilgan. Lekin bank mashinani sotib olib, keyin bo‘lib-bo‘lib sotmoqda. Bu yerda esa garov qiymatini to‘g‘ri aks ettirish tamoyili buzilmoqda”, — dedi Mamarizo Nurmuratov.

Avvalroq Markaziy bankning yangi talabiga ko‘ra, moliya tizimi uchun xavflarni kamaytirish maqsadida banklarning kredit portfelidagi avtokreditlar ulushi 25 foizdan oshmasligi kerakligi haqida xabar bergandik. Bundan tashqari, 20-avgustdan boshlab avtokreditlar berishda kredit summalari va dastlabki garov bilan bog‘liq risklar bo‘yicha yangi talablar kuchga kirdi. Regulyatorning bildirishicha, bu choralar bunday kreditlar bo‘yicha foiz stavkalariga ta’sir qilmaydi.