Shavkat Mirziyoyev 15-sentabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida Amudaryodan boshlanadigan Afg‘onistonning Qo‘shtepa kanali qurilishiga oid fiklari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari mintaqada suvdan foydalanish jarayonining yangi ishtirokchisi paydo bo‘lganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan mintaqa davlatlarining ilmiy-tadqiqot institutlarini jalb qilgan holda Qo‘shtepa kanali qurilishining barcha jihatlari va uning Amudaryo suvidan foydalanish tartibiga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzishni taklif qildi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston vakillarini suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga jalb etish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Mart oyida Afg‘oniston “O‘zbekiston bilan o‘zaro anglashuv asosida” Qo‘shtepa kanali loyihasini amalga oshirishga tayyorligini bildirgandi.

2023-yilning iyun oyida O‘zbekiston suv vaziri Qo‘shtepa kanali orqali Afg‘oniston Amudaryodan qancha suv olishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Afg‘oniston Qo‘shtepa kanali orqali 600 ming gektar yerni sug‘ormoqchi ekani haqidagi gaplar esa asossiz. Vazir Shavkat Xamrayevning aytishicha, “Tolibon” taxminan 300 ming gektarni sug‘ormoqchi, bunga 4−5 mlrd kub metr suv yetadi. O‘zbekiston mana shu miqdor saqlanib qolishiga intiladi.

“O‘ylaymanki, bizning vazifamiz mana shu 4−5 milliard kubni olginu, shu bilan 200 ming bo‘ladimi, 250 ming gektar bo‘ladimi, shuni sug‘orish imkoniyating bo‘ladi, shunaqa qilaylik, degan muloqotlarga asta-sekin tayyorlanib borish”, — degandi vazir.