O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yo‘l-transport hodisalari sonini kamaytirish chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali xabar berdi.

Davlat rahbari mazkur vazifani ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Bekmurod Abdullayev, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Olim Saidov hamda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov zimmasiga viloyat hokimlari bilan birgalikda amalga oshirishni yukladi.

yo‘l o‘tkazgich, svetofor, шавкат мирзиёев

“Bir oy ichida barcha svetofor va harakatni cheklovchi yo‘l belgilarini o‘rganib, avariya bilan bog‘liq holatlarni kamaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqing”, — dedi prezident.

U hujjat loyihasiga tez-tez tirbandlik yuzaga keladigan va avariyalar sodir bo‘ladigan yo‘llarda “svetoforsiz yo‘l o‘tkazgichlar” qurish bo‘yicha uch yillik dasturni kiritish bo‘yicha topshiriq berdi. Mazkur dastur xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda ishlab chiqilishi kerak.

Yig‘ilishda yo‘llarga 2500 dan ortiq kamera va radarlar o‘rnatilgani, shuningdek, shaharlarda transport harakatining ruxsat etilgan tezligi 70 dan 60 km/soatga kamaytirilgani tufayli kameralar o‘rnatilgan joylarda avtohalokatlar soni 30 foizga kamaygani ta’kidlandi. Prezident shularni hisobga olib, aqlli chorraha va aqlli svetofor tizimlarini yanada keng ko‘lamda joriy etishni davom ettirish zarurligini ta’kidladi.

Bekmurod Abdullayev telekanalga bergan intervyusida, tahlillarga ko‘ra, yo‘l infratuzilmasining talabga javob bermasligi jami YTHlarning 48 foiziga sabab bo‘layotganini aytdi.

Yig‘ilish yakunlari haqida so‘z yuritar ekan, viloyatlar ma’muriy markazlarida tirbandlikni kamaytirish maqsadida “aqlli svetoforlar” tizimini joriy etish, eng gavjum chorrahalarda yo‘l o‘tkazgichlar qurish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Olim Saidov prezident topshirig‘iga ko‘ra, bir oy muddatda O‘zbekiston hududidagi barcha yo‘l belgilari va svetoforlar inventarizatsiyadan o‘tkazilishi, gavjum chorrahalarda “harakatni to‘g‘ri tashkil etish maqsadida svetoforlar o‘rniga yo‘l o‘tkazgichlar tashkil etilishini tasdiqladi.

Yaqinda YHXBX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov Kun.uz nashriga bergan intervyusida imkon qadar ko‘proq yer usti va yer osti piyodalar o‘tish joylari bo‘lishi istagini bildirdi. “Agar shunday bo‘lganida, menimcha, piyodalar bilan bog‘liq juda ham ko‘p yo‘l-transport hodisalarining oldi olingan bo‘lardi” (bunday emasligini ko‘plab dalillar mavjud).

Iyul oyida prezident Toshkentda 12 ta yangi yo‘l o‘tkazgich qurishni ma’lum qilgan edi. Ularning joylashuvi hali rasman e’lon qilingani yo‘q. O‘sha oyda Shavkat Mirziyoyev poytaxt markazidagi Botir Zokirov va Navoiy ko‘chalari chorrahasida yo‘l o‘tkazgich qurish zarurligini ma’lum qildi.

“Gazeta.uz” Toshkent markazidagi yo‘l o‘tkazgich shahar sharoitida piyodalar uchun avvalroq e’lon qilingan ustuvorlik tamoyillariga zid bo‘lgan munozarali qaror ekanini yozdi. Poytaxtda bir nechta yo‘l o‘tkazgichlar qurilgach, vaziyat yaxshilangani yoki yo‘qligi haqida ham material e’lon qilgandik.