Jizzax va Qashqadaryoda qariyb 15,5 kg giyohvandlik vositasining noqonuniy savdosi aniqlandi, deya xabar qildi Davlat xavfsizligi xizmati axborot xizmati.

DXXning Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Tojikistonning So‘g‘d viloyati Panjikent tumanida yashovchi, 1970-yilda tug‘ilgan Tojikiston fuqarosi Jizzax viloyatining Baxmal tumanida yashovchi, 1983 va 1984-yillarda tug‘ilgan 2 nafar tanishi bilan o‘zaro til biriktirib, Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan 9 kg 530 gr “opiy” moddasini 55 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida ushlandi.

DXX xodimlari tomonidan viloyat IIB bilan hamkorlikda Zomin tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa 1958, 1976 va 1985-yillarda tug‘il 3 nafar Tojikiston fuqarolari ushlanib, ulardan 2 kg 986 gr “gashish” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ularni Dashtobod shaharchasidagi umumiy ovqatlanish maskanida kutib turgan, 1979-yilda tug‘ilgan yana bir Tojikiston fuqarosi ushlandi. Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositasi ham Tojikistondan olib kelingan.

DXX Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona va ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, “Buxoro — Qashqadaryo” yo‘nalishida harakatlanayotgan, Buxoro shahrida yashovchi, 1982-yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Matiz Muborak tumanidagi “Shirinbuloq” YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan.

Natijada avtomashinada u bilan birga kelayotgan hamshahari, 1998-yilda tug‘ilgan fuqaroning yonida 973 gr “geroin” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida, Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi dala maydoniga 1 kg 968 gr “geroin” moddasi ko‘mib qo‘yilganligi aniqlanib, ushbu giyohvandlik vositasi ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmatining joylardagi tergov bo‘limlari tomonidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246- (Kontrabanda) va 273- (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.