UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Captiva 5 krossoveri sotuvini qayta yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Gazeta.uz"ga kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

“Hozirda sinov jarayoni davom etmoqda. Natijadan kelib chiqib [sotishni davom ettirish yoki to‘xtatishga] qaror qilinadi”, — dedi UzAuto Motors va agar sinovlar muvaffaqiyatli o‘tsa, shartnomalar 1−1,5 oy ichida ochilishi mumkinligini ta’kidladi.

Captiva modeli O‘zbekiston bozoriga 2007-yilda kirgan. O‘sha yilning oktabr oyida mamlakatda avtomobilni yig‘ish boshlandi. 2011-yil sentabr va 2017-yil fevral oylarida model yangilandi. 2018-yil sentyabr oyida GM modellar safini yangilash global strategiyasining bir qismi sifatida ishlab chiqarish to‘xtatilishi e’lon qilindi.

2021-yil sentyabr oyida UzAuto Motors yangi 2022-yilgi Chevrolet Captiva krossoverining to‘rtta komplektatsiyada sotilishini e’lon qildi. O‘shanda narxlar 192,7 million so‘mdan boshlangandi. Biroq, o‘sha yilning noyabr oyida kompaniya savdoni to‘xtatdi. Sabab sifatida model O‘zbekiston iqlimiga mos emasligi aytilgandi.