O‘zbekiston aholisining inflyatsion kutilmalari ko‘rsatkichning olti oylik pasayishidan so‘ng avgust oyida keskin oshdi, deya xabar berdi Markaziy bank. O‘tgan oy yakuniga ko‘ra, aholining narx kutilmalari o‘rtacha 14,2 foizni (iyul oyiga nisbatan +1,2 foiz), tadbirkorlarniki esa 14,4 foizni (+1,1 foiz) tashkil etdi.

inflyatsion kutilmalar, inflyatsiya, марказий bank

Toshkent inflyatsion kutilmalar bo‘yicha eng pessimistik mintaqa bo‘lib qolmoqda. Poytaxt aholisi inflyatsiya 15,3 foiz bo‘lishini, biznes esa 15,5 foiz darajasida shakllanishini kutmoqda. Sirdaryo viloyati aholisi va tadbirkorlari ham narxlar o‘sishi yuqori sur’atda bo‘lishini taxmin qilmoqda — 15,7 foiz va 14,2 foiz. Kutilmalar Toshkent viloyatida 14,7 foiz va 14,9 foiz, Andijon viloyatida 14,7 foiz va 14,8 foiz bo‘lib, eng optimistik prognozlar Qashqadaryoda bo‘lib turibdi: aholi o‘rtasida 13,2 foiz, tadbirkorlarda 12,1 foiz.

Avgust oyidagi so‘rovnomada biznes xavotirlarida valyuta kursining o‘sishi omili kuchaydi — 11 foiz punktga, 71 foizgacha. Valyuta kursining o‘zgarishi aholini ham tashvishga solayotgan asosiy masala — buni respondentlarning 70 foizi qayd etgan (+11 foiz punkti). Eslatib o‘tamiz, iyul oyi boshidan beri dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi tarixiy maksimumlarni qayd etmoqda, avgust oyi boshida esa kurs birdaniga 400 so‘mga qadrsizlandi.

Aholi, shuningdek, kelgusi 12 oy ichida narxlarning oshishiga yonilg‘i va energiya narxlarining ko‘tarilishi (respondentlarning 43 foizi shunday fikrda, iyulda 36 foiz edi), ish haqi va nafaqalar oshishi (36 foiz, iyulda 32 foiz edi) ham ta’sir qilishini kutmoqda. Bozorda monopoliyalarning mavjudligi omili ham biroz kuchaydi — 33 foiz (31 foiz edi).

Biznes ham inflyatsiyaga yonilg‘i va energiya narxlarining oshishi ta’sir qiladi deb hisoblamoqda — 38 foiz (37 foiz edi).

Respondentlarning qariyb 30 foizi yil oxirigacha inflyatsiya rasman prognoz qilingan darajada (9−12 foiz) bo‘lishini kutmoqda, ularning ulushi o‘tgan oyga nisbatan 3 foiz punktga oshgan. Shu bilan birga inflyatsiya 13−16 foiz, 17−20 foiz, 21−25 foiz va 31−50 foiz doirasida bo‘lishini kutayotganlar ulushi ham ortishi kuzatilmoqda (14 foiz).

inflyatsion kutilmalar, inflyatsiya, марказий bank

Inflyatsion kutilmalar — aholining kelgusi oylar va yillardagi narxlarning oshishi haqidagi taxminlari. Bu taxminlar odamlarning iste’molchi sifatidagi xatti-harakatlariga ta’sir qiladi. Qimmatroq bo‘lishi mumkin bo‘lgan narsani tezda sotib olishni xohlab, odamlar xaridlarni kechiktirishni to‘xtatadi, ko‘proq pul sarflaydi, kamroq tejaydi va odatdagidan ko‘ra tez-tez kredit oladi. Natijada kutilayotgan inflyatsiya real inflyatsiyaga ta’sir qiladi. Talabning oshishi ta’sirida narxlar tezroq ko‘tarila boshlaydi.

Agar odamlar inflyatsiyaning keskin o‘sishini vaqtinchalik deb bilsa, uzoq muddatli inflyatsiya kutilmalari oshmasligi mumkin — inflyatsiya kutilmalarining bunday shakllanishi Markaziy bank siyosatiga bo‘lgan ishonchga asoslanadi: agar korxonalar va uy xo‘jaliklari pul-kredit siyosati inflyatsiyani maqsadli darajaga qaytaradi, deb ishonsa, ular bo‘lajak narx oshishi haqida kamroq tashvishlanadi.