Liviyada “Daniel” sikloni keltirib chiqargan vayronkor suv toshqinlari oqibatida kamida 3 ming kishi halok bo‘ldi, yana 10 ming kishi bedarak yo‘qoldi, deya xabar bermoqda Al Jazeera.

10-sentabr kuni mamlakat shimoli-sharqiga siklon urilib, kuchli yomg‘ir sabab turar-joy binolari va infratuzilmani suv bosdi. Dyorna shahri eng ko‘p zarar ko‘rdi, uning yuqori qismidagi ikkita to‘g‘on buzilgan. Suv shaharning to‘rtdan bir qismigachasini vayron qilgan.

Liviya Ssog‘liqni saqlash vaziri Usmon Abdel Jalil mintaqada “falokatli vaziyat” borligini aytdi. “Vaziyat biz kutgandan ham jiddiyroq va yomonroq bo‘lib chiqdi. Xalqaro aralashuv zarur”, — dedi u.

Liviya hukumati mulozimining Al-Jazira telekanaliga aytishicha, suv toshqini tufayli vayron bo‘lgan to‘g‘onlar “o‘nlab yillar davomida hukumat e’tiborsizligidan keyin to‘g‘ri saqlanmagan”.

Qator xorijiy hukumatlar Liviyani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Jazoir, Misr, Eron, Tunis, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari kabi bir qancha davlatlar qidiruv-qutqaruv ishlariga yordam berish uchun insonparvarlik yordami va xodimlarni yuborishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, bir necha kun oldin Marokashda 6,8 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan va so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 2800 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Bu so‘nggi yuz yil ichida mintaqadagi eng kuchli zilzila bo‘ldi.